Sanjay Oydan tushib, Nasafiy Yerdan chiqqanmi? Nega sud bir xil masalaga turlicha yondashmoqda?
2020-yil 12-oktyabr kuni Davlatimiz rahbari huzurida intellektual mulk obyektlari muhofaza qilish tizimini takomillashtirish boʻyicha kengaytirilgan yigʻilishda hamda Prezidentimizning 2021-yil 28-yanvardagi “Intellektual mulk obyektlarini muhofaza qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida intellektual mulk sohasini rivojlantirish boʻyicha zarur chora-tadbirlar belgilanib, soha boʻyicha qonunchilikni takomillashtirish, sohaga xalqaro tajribani keng tatbiq etish lozimligi qayd etilib, barcha davlat organlari va idoralarining sohani rivojlantirish boʻyicha majburiyatlari aniq belgilab berildi.
Intellektual mulkni, shu jumladan mualliflik huquqini odil sudlovni taʼminlamasdan huquqiy himoya qilib boʻlmasligi va oldinlari bu soha boʻyicha sud ishlari deyarli koʻrib chiqilmaganligi inobatga olingan holda intellektual mulk obyektlarining huquqiy himoyasini taʼminlash boʻyicha sud organlari xodimlarining malakasini oshirish uchun ularni oʻqitish lozimligiga alohida eʼtibor qaratilishi belgilandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi mualliflar, ijodkorlar, ixtirochilar va boshqa huquq egalarining huquqlarini himoya qilishda sud organlarining alohida oʻrni bor.
Odil sudlovni taʼminlanayotganligi, sudlarning bu boradagi ishlari toʻgʻri yoʻlga qoʻyilayotganligi intellektual mulk obyektlarining himoyasi, intellektual mulkka boʻlgan hurmatning oʻsishiga, oʻz navbatida mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligi yaxshilanishiga hamda xorijiy investorlarning respublikamizga kirib kelishiga qulay muhit yaratilishiga zamin yaratmoqda.
Agentlik tomonidan 2020-yil va 2021-yil yanvar, fevral oylari davomida 50 ga yaqin maʼmuriy ish materiallari tegishli tuman (shahar) maʼmuriy sudlar va jinoyat ishlari boʻyicha sudlariga kiritilgan. Fargʻona, Namangan, Samarqand, Buxoro, Qashqadaryo, Toshkent shahri va boshqa viloyat maʼmuriy va jinoyat sudlari kiritilgan ish materiallarini tez fursatlarda koʻrib chiqib, tegishli qarorlar qabul qilgan.
Xususan, xonanda Aziziddin Akmalov (Nasafiy) tomonidan sodir etilgan huquqbuzarlik holati boʻyicha ish materiallari sud tomonidan 15 kunda hal etilgan boʻlsa, xuddi shunday xonanda Doston Ergashevga nisbatan rasmiylashtirilgan maʼmuriy ish materiallari ham tezkorlik bilan hal etilgan va maʼmuriy jazo choralari tayinlangan.
Ammo Sanjay taxallusi bilan ijod qilayotgan Sanjar Djavberdiyevga nisbatan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnoma xonanda Nasafiydan oldinroq tuzilganligi hamda unga allaqachon maʼmuriy jazo tayinlangan boʻlishiga qaramasdan ushbu ishni koʻrishni Navoiy shahar maʼmuriy sudi paysalga solmoqda.
Bu esa, turli OAVlar va ijtimoiy tarmoqlarda “Sanjayga nega mualliflik huquqini buzgani uchun tegishli sud tomonidan boshqalar kabi maʼmuriy javobgarlik chorasini koʻrilmayapti?”, “Qonunlar barchaga teng ishlashi kerak emasmi?”, «Ishlarni koʻrishda ikki xil qarash mavjudmi? degan haqli eʼtirozlarni paydo boʻlishiga olib kelmoqda.
Holat boʻyicha 2020-yil 26-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi tomonidan mualliflarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha Sanjar Djavberdiyev (Sanjay)ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning (MJtK) 177(1)-moddasi boʻyicha maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnoma rasmiylashtirilib, maʼmuriy javobgarlik masalasini koʻrib chiqish uchun Navoiy shahar maʼmuriy sudiga yuborilgan.
Agentlik tomonidan MJtKda belgilangan tartiblar asosida bayonnoma rasmiylashtirilgan hamda maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxslar va jabrlanuvchilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning yagona markazlashtirilgan axborot tizimi orqali kiritilgan, ammo Navoiy shahar maʼmuriy sudi tomonidan 2020-yil 25-dekabr kuni maʼmuriy ish materiallari huquqbuzarga Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 238-moddasi (Yolgʻon guvohlik berish) va 240-moddasi (Jinoyat protsessini yuritish qatnashchilarining oʻz zimmasidagi vazifani bajarishdan boʻyin tovlashi) moddalari talablari tushuntirilmagan, degan vaj bilan qoʻshimcha surishtiruv oʻtkazish uchun MJtKning 303-moddasi bilan Agentlikka oddiy bir xat bilan qaytarilgan. Holbuki, MJtKda huquqbuzarga Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 238-240-moddalari talablarini tushuntirish lozimligi belgilanmagan.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Sudi Plenumining 2018-yil 30-noyabrdagi “Sudlar tomonidan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrishni tartibga soluvchi qonunlarni qoʻllashning ayrim masalalari toʻgʻrisida”gi 35-son qarorining 4-bandiga muvofiq maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish maʼmuriy ishni qaytarish toʻgʻrisida ajrim asosida qaytarilishi lozimligi belgilangan.
Agentlik tomonidan 2021-yil yanvar va fevral oyi davomida bir necha bor ushbu ish materiallarini Jinoyat ishlari boʻyicha Navoiy shahar sudiga yuborilgan boʻlishiga qaramasdan sud tomonidan asosiz qabul qilinmasdan kelinmoqda. Sud vakillari tomonidan maʼmuriy ish materiallari tushlikka qadar boʻlgan vaqtda (soat 13:00 ga qadar) qabul qilinishi aytilgan boʻlsada, sudga maʼmuriy ish materiallari tushlikka qadar olib borilganda ham ish hujjatlari qabul qilinmasdan qaytarilgan. Hujjatlar keyingi kuni olib borilganda ham xuddi shunday holat kuzatilgan.
Agentlik tomonidan maʼlum qilinishicha, yuqorida keltirilgan holatlar boʻyicha Navoiy shahar maʼmuriy va jinoyat sudlari xodimlarining xatti-harakatlariga baho berishdan yiroq va bu Agentlik vakolatiga kirmaydi. Shu sababli Agentlik tomonidan Sanjar Djavberdiyev (Sanjay)ning ishi nima sababdan 3 oydan buyon qabul qilinmaganligi va oʻz vaqtida koʻrib chiqilmaganligi holati boʻyicha sud organlari faoliyatiga baho beruvchi tegishli organlarga batafsil maʼlumotlar tayyorlanmoqda va bu maʼlumotlar albatta ularga taqdim etiladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring