Sanoatchilar mahallasida “Sayxunobod tajribasi” kengaytirilmoqda
Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Quva tumani “Sanoatchilar” mahalla fuqarolar yigʻinidagi 1069 ta xonadonda 5629 nafar aholi istiqomat qiladi. Koʻchatchilik, gulchilik mahalla drayveri sifatida belgilangan boʻlib, ayni kunlarda hududda “Sayxunobod tajribasi”ni joriy etish boʻyicha salmoqli ishlar olib borilmoqda.
Aytish joiz, mamlakatimiz mustaqilligining 33-yilligi bayrami kunlari mahalla yettiligi uchun qurib bitkazilgan yangi bino tantanali ravishda foydalanishga topshiriladi. Mahalla binosida yoshlar innovatsiya, IT markazi ish boshlagan boʻlsa, til oʻrgatish markazida 130 nafar yoshlar qamrab olindi. Shuningdek, bu yerda zamonaviy kutubxona ham tashkil etildi.
— Koʻchatchilik faoliyati bilan shugʻullanishi uchun 25 nafar yoshlarga ijara shartnomasi asosida 20 sotixdan yer ajratib berildi, — deydi mahalla yoshlar yetakchisi Ilyosbek Mamajonov. — Shu bilan birga, 5 gektar yerda gulchilik kooperatsiyasi tashkil etilib, atirgul koʻchatlari yetishtirish yoʻlga qoʻyildi.

Oʻz navbatida aholi bandligini taʼminlash, tomorqadan unumli foydalanish, issiqxona daromadlarini oshirish maqsadida manzilli chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan. Oʻtgan qisqa davrda bu boradagi izchil saʼy-harakatlar amaliy natijalarini bera boshladi.
Shu mahallada yashovchi Gʻanijon Xoldorovlar oilasi tomorqachilikda mirishkor hisoblanadi. Xonadonda issiqxona tashkil etilgan boʻlib, toʻrt faslda ham hosil olish orqali yiliga oʻrtacha 150 million soʻmdan ortiq daromadga ega boʻlmoqda.
Tadbirkor Ravshan Musulmonqulov tashabbusi bilan mahallaning boʻsh turgan hududida bedana boqish korxonasi tashkil etildi. Bugungi kunda bu yerda 22 mingdan ziyod bedana boqilmoqda. Vodiy bozorlarida bedana tuxumi va goʻshtiga talab yuqoriligi bois hamisha xaridorgir.
— Viloyat va tuman sektorlari rahbari faoliyatimiz bilan tanishib, Sanoatchilar mahallasida bedana boqishni ommalashtirish boʻyicha tavsiyalar berishdi, — deydi Ravshan Musulmonqulov. — Shu maqsadda faoliyatimizni kengaytirish uchun kredit ajratiladigan boʻldi. Demak, yaqin vaqt ichida mahalladagi koʻplab oilalarda bedana boqishni yoʻlga qoʻyamiz.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring