Sanatoriylarga imtiyozli yoʻllanmalar berish masalasi hozirgi karantin davrida qanday qilib yuragiga sigʻdi? — OʻzLiDeP “Milliy tiklanish”ga javob qaytardi
Maʼlumki, mamlakatimizda karantin eʼlon qilinishi natijasida koronavirus infeksiyasi tarqalishini oldini olishga qaratilgan koʻplab cheklovlar oʻrnatilib, qoidalarga amal qilmaganlik uchun jazo choralari kuchaytirildi.
Mamlakatimizda karantin eʼlon qilingan vaqtdan boshlab joriy yilning 10-aprel kuniga qadar karantin qoidalarini buzish holatlari 46 672 tani tashkil etdi. Bu bilan 47 mingga yaqin fuqarolarimiz oʻz hayotini xavfga qoʻydi, yaqinlariga infeksiya yuqish xavfini oshirdi.
Bunday vaziyatda taʼsirchan choralarni qoʻllash orqali vaziyatni nazorat qilish va barchaning salomatligini asrash imkoni tugʻiladi.
Prezidentimiz raisligida shu yil 8-aprel kuni koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda joylardagi ishlar natijadorligi tahlili hamda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, aholi bandligi va daromadini oshirishning muhim manbayi boʻlgan tomorqachilikni rivojlantirishga bagʻishlab oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida bir qator ustuvor vazifalar belgilab berildi.
Yigʻilishda aholi tomorqasidan foydalanmaslik ertaga xalqimizni boqish va ichki bozorda narx-navo barqarorligini taʼminlashda jiddiy muammoga aylanishi mumkinligi taʼkidlandi. Chunki aholi tomorqalari mamlakatimiz boʻyicha yetishtirilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining asosiy manbai hisoblanadi. Qolaversa, tomorqalarda yetishtirilayotgan mahsulot hajmi bozordagi taklifni shakllantiradi va narxlarga bevosita taʼsir koʻrsatadi.
Bunday sinovli kunlarda ishlab chiqarish, xizmat koʻrsatish va boshqa sohalarda oʻrnatilgan cheklovlar davrida hovlimizdagi tomorqalardan foydalanishga nisbatan beparvoligimiz yoki undan maksimal darajada foydalanmasligimiz kechirib boʻlmas darajadagi xiyonatdir. Buning natijasida oʻzimizga, oilamizga, jamiyatga va davlatga katta zarar keltiramiz! Agar tomorqadan samarali foydalansak jismoniy salomatligimiz yaxshilanadi, oilamizning daromadi ortadi, bozorlarda narx barqaror boʻladi, davlatga bunday murakkab davrda katta koʻmak bergan boʻlamiz.
Tomorqadan foydalanishni ragʻbatlantirish boʻyicha soʻnggi uch yilda juda koʻplab vositalar belgilandi. Jumladan: soliq stavkasini kamaytirish, subsidiyalar berish, imtiyozli kreditlar ajratish, ayniqsa, tomorqasida ishlayotgan fuqarolarga ish staji yozish belgilandi.
Ayni chogʻda tomorqadan unumli foydalanish har bir fuqaroning burchi ekanligi, sinovli kunlarda bunga hamma toʻliq amal qilishi lozimligini va taʼsirchan choralar orqali ushbu masalani tartibga solish kechiktirib boʻlmaydigan masaladir.
“Milliy tiklanish” partiyasi rahbari Alisher Qodirov bildirgan takliflar, afsuski, ancha oldin amalga kiritilgan, faqat sanatoriylarga imtiyozli yoʻllanmalar berish masalasi hozirgi karantin davrida qanday qilib yuragiga siqqanligiga albatta taajubdaman.
Baxtiyor RUHIDDINOV,
OʻzLiDeP Siyosiy Kengashi
Ijroiya qoʻmitasi boʻlim mudiri
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring