«Samosud» qilishga hech kimning haqi yoʻq!
Ijtimoiy tarmoqlar orqali “Toshkent viloyatining Parkent tumanidagi «Qizilsoy”da choʻmilgan ayol “samosud” qilindi» sarlavhasi ostida videoroliklar tarqalib, qizgʻin muhokamalarga sabab boʻlmoqda. Ushbu videodagi ayolni shafqatsizlarcha doʻpposlayotgan “ayol” va uni video tasvirga olayotgan “erkak”ning oiladagi, jamiyatdagi oʻrni qanday boʻlishi mumkin? Ularni ayol va erkak deb atash mumkinmi? Ular oʻz oilasida farzandlariga qanday tarbiya berishlari mumkin? Boshqalarga nisbatan hurmat-izzat, mehr-oqibat koʻrsatish oʻrniga zoʻravonlik qilish, biror kishining sirini bilsa hammaga tarqatish kabi masalalarni oʻrgatarmikin oilasida?
Bu kabi holatlarning ijtimoiy tarmoqlarda birinchi marta boʻlmayotganligi jamiyatimizda qonunlarga befarqlik holatlarining oshib borayotganligidan dalolatdir.
Jamiyatda qonun ustuvorligini taʼminlash, ayollarga nisbatan boʻlayotgan zoʻravonlik holatlarining oldini olish Oʻzbekiston “Adolat” SDPning asosiy maqsadlaridan biridir.
Yurtdoshlarimiz orasida tobora ortib borayotgan oʻzaro hurmatsizlik, insonning, ayniqsa ayolning qadr-qimmati, shaʼni va obroʻsi toptalishining oldini olish bir yoki ikki vazirlikning zimmasida emas. Bu masalaga davlat miqyosida tizimli yondashish lozim.
Birinchidan, Respublika Maʼnaviyat-maʼrifat markazi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari Qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Oila va mahallani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini yana-da kuchaytirish, fuqarolar, ayniqsa xotin-qizlarga nisbatan boʻlayotgan zoʻravonliklarning kelib chiqish sabablari va ularning oqibatlarini oʻrganib, tahlil qilinishi;
Ikkinchidan, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi mazkur holatlarni tanqidiy oʻrganishi, bunday holatlarning davom etmasligi uchun kerakli chora-tadbirlarni aniq koʻrsatib berishi;
Uchinchidan, Din ishlari qoʻmitasi mamlakatimiz aholisini zoʻravonliklarning oldini olishga chorlash borasida juma namozlarida va boshqa diniy tadbirlarda oʻz munosabatini bildirishi va ushbu munosabatini keng ommaga tarqatishi;
Toʻrtinchidan, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi aholi bilan muntazam ravishda insoniylik, mehr-oqibat, kattalarga hurmat, oiladagi qadriyatlarni ulugʻlash, jamiyatda ayollarga ona, rafiqa, qiz, singil sifatida eʼtibor qaratish, eʼzozlash, hurmatini joyiga qoʻyish, qadrlash boʻyicha targʻibot tadbirlarini kuchaytirib, jamiyatda kelib chiqishi mumkin boʻlgan salbiy voqea-hodisalarning oldini olish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlari haqida aholi oʻrtasida hisobot berish tizimini yoʻlga qoʻyishlari;
Toʻrtinchidan, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan mazkur turdagi ijtimoiy xavfi yuqori boʻlgan jinoyatlarning oldini olish maqsadida profilaktik ishlarning samaradorligini oshirish hamda bu borada har qanday huquqbuzarlikka qonuniy jazo muqarrarligini fuqarolarimiz ongiga singdirishi lozim, deb hisoblaymiz.
Shu bilan birga Oʻzbekiston “Adolat” SDP yuqoridagi kabi zoʻravonlikni qoʻllayotgan va uni tasvirga olib, ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirish orqali inson, ayniqsa ayol shaʼnini toptayotgan, ularga nisbatan qonuniy jazo turini qoʻllab, bunday holatlarning takrorlanmasligi uchun sudlarni ochiq tarzda oʻtkazish va ularni ijtimoiy tarmoqlar, umuman barcha turdagi OAV orqali namoyishini tashkil etishni lozim deb hisoblaydi va oʻzining saylovoldi dasturida insonning shaʼni, uning qadr-qimmati har narsadan ustunligini belgilagan.
Konstitutsiyaning 24-moddasida belgilanganidek, “yashash huquqi har bir insonning uzviy huquqidir. Inson hayotiga suiqasd qilish eng ogʻir jinoyatdir”.
Zero, Oʻzbekistonning har bir fuqarosi anglab yetishi lozimki, uning huquq va erkinliklari amaldagi qonunchilikda belgilanib, qonunan himoyalanadi.
Gulniso SAIDOVA,
“Adolat” SDP Siyosiy Kengashi
Markaziy apparati boshqarma boshligʻi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring