SamDUda yangi fakultetlar va texnikumlar tashkil etildi
Davlatimiz rahbarining 2019-yil 8-oktyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan belgilangan ustuvor yoʻnalishlar va “Samarqand davlat universitetida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va ilmiy salohiyatni rivojlantirish boʻyicha 2020-yil uchun yoʻl xaritasi”da belgilangan vazifalar asosida universitet tuzilmasiga ayrim oʻzgartirishlar kiritildi. Yaʼni, universitet kengashining qarori bilan universitetda 3 ta fakultet, 7 ta mutaxassislik kafedralari va bitta markaz tashkil etildi. Jumladan, mamlakatimiz iqtisodiyot tarmoqlarida agrar sohani yana-da rivojlantirish muhim va dolzarbligi, mintaqamizda soha mutaxassislariga boʻlgan talab hamda ehtiyojning yuqoriligidan kelib chiqqan holda «Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi» fakulteti faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.
— Mamlakatimizda agrar tarmoqni rivojlantirish, soha uchun yetuk mutaxassislar tayyorlash Prezidentimiz tomonidan qoʻyilgan dolzarb vazifalardan biridir, — dedi SamDU rektori, Oliy Majlis Senati aʼzosi Rustam Xolmuradov. — Chunki bu sohada ilm, innovatsiya, texnologiya hamda tajriba borasida saviyali mutaxassis-kadrlarga boʻlgan ehtiyoj nihoyatda yuqori. Katta salohiyatga ega universitetda bunday fakultetning ochilishi zimmamizga ulkan masʼuliyat yuklaydi. Tashkil etilayotgan fakultetda dehqonchilik madaniyatini yuksaltirish, yer va suvdan oqilona foydalanish koʻnikmasiga ega zamonaviy-agronom kadrlar tayyorlashga alohida eʼtibor qaratiladi.
Shuningdek, universitetda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasida yuridik taʼlim va fanni tubdan takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni asosida “Huquqshunoslik” va sirtqi taʼlim shaklida taʼlimni yana-da samarali tashkil etish uchun “Sirtqi taʼlim” fakultetlari tashkil etildi. Mazkur fakultetlarda 2020-2021 oʻquv yilidan “Fuqarolik jamiyati va milliy gʻoya”, “Huquqshunoslik va huquq taʼlimi”, “Iqtisodiyot va menejment”, “Agrokimyo va oʻsimliklarni himoya qilish”, “Meva-uzumchilik va sabzavotchilik”, “Tuproqshunoslik va agrotexnologiyalar” kafedralari va “Masofaviy taʼlim” markazi faoliyat koʻrsata boshlaydi.
Shuningdek, yangi oʻquv yilidan Samarqand davlat universiteti huzurida Toyloq agrotexnologiyalar va Jomboy pedagogik texnikumlari ham tashkil etildi.
Abdulaziz Yoʻldoshev,
“Xalq soʻzi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring