Samarqandni gulga burkaylik
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Samarqand viloyat boʻlimi hamda Samarqand shahridagi Orif Gulxaniy uy-muzeyi taʼsischilari tomonidan anʼanaviy tarzda bir necha yillardan buyon oʻtkazilib kelinayotgan “Samarqandni gulga burkaylik! 1+10” nomli gulsevarlar aksiyasi doirasidagi tadbir bu gal Jomboy tumanida oʻtkazildi.
1 Oktyabr — Oʻqituvchilar va murabbiylar kuni munosabati bilan tashkil etilgan “Har bir oʻquvchining oʻz guli boʻlsin!” nomli yosh tabiatsevarlar festivaliga jomboylik oʻqituvchi-biologlar, mavjud 56 ta maktab va 102 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti rahbarlari chin dildan uyushqoqlik bilan tayyorgarlik koʻrishdi. Tuman hokimligi va tuman xalq taʼlimi boʻlimi hamkorligida Orif Gulxaniy uy-muzeyi bogʻidan keltirilgan noyob va turfa gullar, ularning urugʻlarini qabul qilib olish uchun maxsus ishchi guruhi tashkil etildi.
Tumandagi 40-ixtisoslashtirilgan umumtalim maktabi hovlisi erta tongdan dunyoning barcha mamlakatlarida oʻsadigan gullar tarovati bilan toʻldi. Tadbirda maktab oʻqituvchilari, oʻquvchilar va havaskor gulchilar ham faol ishtirok etishdi. Hammaning eʼtibori aksiya doirasida taʼlim muassasalariga beminnat gul tarqatayotgan bogʻbon Muqumjon Orifiy bogʻida yetishtirilayotgan turfa gullarda boʻldi. Shu kuni bogʻbon tumandagi taʼlim va tarbiya oʻchoqlariga bolalarni mehnat, tabiatni sevish, gullarni parvarish qilishga oʻrgatish va goʻzallikdan zavqlanishlari uchun 4 ming dona xonaki tuvak gullari, dekorativ va anvoyi gullarning 82 ming dona urugʻi jami-86 ming 415 dona flora vakillari va ularning urugʻini tuhfa etdi.
Jomboy tumani maktablariga armugʻon etilgan noyob oʻsimliklar, anvoyi gullar va ularning urugʻlarini parvarish qilish boʻyicha tushuntirish berildi. Ularni koʻpaytirish va tarqatish jarayoniga eʼtiborli boʻlish, tumandagi har bir oʻquvchining oʻz guli boʻlishiga erishish istagi bildirildi. Agar ushbu gullarga mehr koʻrsatilib koʻpaytirilsa Jomboyda ham bir necha yillar ichida katta gulzorlar paydo boʻladi.
Shuningdek, gulsevarlar festivalining “Eng yaxshi gulsevar maktab”, “Eng gulsevar maktab rahbari”, “Eng gulsevar oʻquvchi” kabi tanlov gʻoliblariga Gulxaniy bogʻidagi tuvaklarda parvarish etib kelinayotgan 2 dona 5 yillik Molachay guli, 1 dona 3 yillik Bilbergiya, 3 yillik Krestovnik gullari sovgʻa qilindi. Yosh gulsevarlar, festivalda faol qatnashganlarga Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat boʻlimi, tuman hokimligi tomonidan adabiy-badiiy kitoblar topshirildi.
Festival tadbirlari goʻzallik ramzi boʻlgan GUL mavzusiga doir mushoira va kuy-qoʻshiqlarga ulanib ketdi.
Abdulaziz Yoʻldoshev
(Xalq soʻzi)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring