Samarqandlik yosh tadbirkor 4 xil rangli pomidor yetishtiryapti
Foto: Халқ сўзи
Samarqand tumani Yuqori Turkman mahallasida yashovchi yosh tadbirkor Otabek Umurov 25 sotix maydondagi issiqxonasida pomidor, bodring va bulgʻor qalampiri yetishtirib keladi.
Odatda biz qizil va pushti rangli pomidorlarni koʻrishga, isteʼmol qilishga koʻnikkanmiz. Ahamiyatli tomoni shundaki, qahramonimiz issiqxonasida sariq va qora rangli pomidorlarni ham yetishtiryapti. Uning aytishicha, bu rangdagi pomidorlarning xaridori koʻp. Chunki ularning koʻrinishi va mazasi oʻzgacha.

— Issiqxonachilik bilan shugʻullanish bobomdan meros, — deydi yosh tadbirkor Otabek Umurov. — Bugungi kunda 20 xil navli pomidor yetishtiryapmiz. Qizil va sariq rangdagi “Cherri” navli pomidorning bozori chaqqon. Uning bir tupidan 3-4 kilogramm hosil olinadi. Kilosi 25-30 ming soʻm atrofida sotiladi. Bu pomidorning urugʻlari Niderlandiya, Rossiya va Turkiyadan olib kelinadi. Mamlakatimiz uchun yangi boʻlgan bu pomidorlarni koʻpaytirish maqsadida koʻchatchilik bilan ham shugʻullanyapmiz. Buning uchun maxsus koʻchatxonamiz ham bor. Koʻchatlarni parvarishlashda kimyoviy oʻgʻitlardan foydalanmaymiz. Aksincha, toʻliq oʻzimiz tayyorlagan tabiiy biogumusni ishlatamiz.

Tadbirkor bugungi kunda yigirmaga yaqin tengdoshlarini ish bilan taʼminlagan. U kelgusida xorijdan keltirilgan 4 xil rangli bulgʻor qalampirlarini ham mahalliylashtirishni niyat qilgan.
Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring