Samarqanddagi “dom”da 401 mln soʻmlik gaz talon-toroj qilindi
Samarqand shahrida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holati aniqlandi. Bu haqida “Hududgaztaʼminot” AJ xabar berdi.
Unda aytilishicha, Samarqand viloyati Samarqand shahrida filial komplayens nazorat tuzilmalari, mahalla isteʼmolchilari bilan ishlash boʻlimi xodimlari, Oʻzenergoinspeksiya va huquq-tartibot organlari hamkorligida nazorat tadbirlari oʻtkazilgan.
Tadbir davomida shaharning Ibn Sino koʻchasida qurilayotgan “Sh. S. S.” MCHJga qarashli koʻp qavatli uy xatlovdan oʻtkazilgan. Maʼlum boʻlishicha, ushbu koʻp qavatli uy taʼminot tashkiloti bilan shartnoma tuzmasdan, loyiha-texnik hujjatlarisiz tabiiy gaz tarmogʻiga ulangan holda “zangori yoqilgʻi”dan noqonuniy foydalanib kelinayotgani fosh boʻlgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan dalolatnoma tuzilib, 401 million 680 ming soʻmlik tabiiy gaz hajmlari qayta hisob-kitob qilingan. Barcha hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring