Samarqandda topilgan qadimiy artefaktlardagi yozuvlar siri ochiqlandi

10:47 05 Noyabr 2021 Jamiyat
1773 0

Foto: “Xalq so‘zi”

2 noyabr kuni Samarqand shahrida olib borilgan qazishmalar chog‘ida qadimiy qabr toshlari topilgani haqida xabar berilgandi. Topilma tez orada jamoatchilik o‘rtasida katta qiziqishga sabab bo‘ldi.

Samarqandlik taniqli tarixchi olim Komilxon Kattayev mazkur artefaktlardagi yozuvlar bo‘yicha qimmatli maʼlumotlarni taqdim etdi.

Tarixchiga ko‘ra, birinchi ko‘ktosh Ashtarxoniylar sulolasining Imomqulixon hukmronligi (XVII asrga oid) davri va Samarqandda Yalangto‘sh Bahodir hokimligi davrida yashagan boy oilaga mansub ayol kishiga tegishli qabrtoshdir. Toshning old tomonida “Haza al-marqad al-mag‘furi marhumi Oqila Bibi binti So‘xiy Uvays (yoxud Abdul Vays)” yozuvi bor. Toshning orqa uchida: “Valfit-torixi sanati isna va sittun va alf (vafot sanasi 1062//1651y)” deb yozilgan.

Ikkinchi, kichik naqshli ko‘ktoshning ust tomonida o‘rtada Kalimai shahodat, ust tomonning to‘rt atrofida “Oyat al-kursiy” oyati to‘liq yozilgan.

Ko‘ktoshning old uchida: “Hazaa marqal al-munavvar Bibi Sofiya binti Ravshan” deb bitilgan. Qabrtoshning orqa uchida: “Fit-toʼrixi” 1061//1650 yil sanasi keltirilgan.

-Xulosa shuki, qabrtoshlarning egalari bo‘lmish ikki ayol qarindosh bo‘lib, ikki yil ichida birin-ketin vafot etishgan (ona va qiz bola bo‘lishi mumkin). Qabrtoshlar paleografik jihatdan, tuzilishi, naqshlari va oyatlarning bir usta tomonidan yozilganligi shularni bildiradi, - deydi Komilxon Kattayev.

Mazkur toshlar topilgach, dastlab viloyat o‘lkashunoslik muzeyiga yetkazilgan edi. Bugun Samarqand shahar hokimligi axborot xizmati toshlarning Samarqand shahridagi Shohi Zinda qabristoniga olib borilganini maʼlum qildi.

  Abdulaziz Yo‘ldoshev, “Xalq so‘zi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер