Samarqandda tibbiyot sohasida ikkita xalqaro anjuman boʻlib oʻtmoqda
Foto: “Xalq soʻzi”
Samarqand shahridagi “Ipak Yoʻli” Xalqaro turizm universitetida “Oʻzbekistonning reproduktiv salomatligi: erishilgan yutuqlar va kelajakdagi rejalar” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman oʻz ishini boshladi.
Sogʻliqni saqlash vazirligi va Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tomonidan tashkil etilgan konferensiyada yurtimiz mutaxassislari bilan birga, Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Turkiya, Shveysariya, Rossiya, Isroil, Xitoy, Janubiy Koreya, Ukraina, Belarus, Qozogʻiston va Tojikistondan 350 nafar olim va ekspertlar ishtirok etmoqda.
Anjumanda taʼkidlanganidek, bugun yurtimizda homilador va reproduktiv yoshdagi ayollarga koʻrsatiladigan tibbiy yordam sifatini oshirish va koʻlamini kengaytirishga alohida eʼtibor qaratilyapti.
Xususan, Prezidentimizning joriy yil 8-sentyabrdagi tegishli qarori bu yoʻnalishdagi islohotlarga yangicha mazmun baxsh etdi. Hujjatga muvofiq, yurtimizda aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, onalar sogʻligʻini muhofaza qilish, tibbiyot muassasalarining samarali boshqaruv tizimini yaratish maqsadida yangi Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va uning joylarda 14 ta hududiy filiallarini tashkil etish belgilangan.
— Shuningdek, qarorga koʻra, onalar salomatligini himoya qilishning takomillashtirilgan tibbiy profilaktika va patronaj tizimi joriy etiladi, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori Natalya Nodirxonova. — Aytish kerak, bugungi kunda markazimizda bu yoʻnalishda ilgʻor diagnostika, davolash va profilaktika usullarini amaliyotga keng joriy etish orqali yaxshi natijalarga erishilyapti.
Tadbirda akusherlik va ginekologiya sohasida zamonaviy talablarga javob beradigan yagona standart yondashuvlarni ishlab chiqish, kasalliklarni tashxislash, oldini olish va davolash masalalari yuzasidan oʻzaro fikr almashilmoqda.
Samarqand davlat tibbiyot universitetida esa “Oʻzbekiston Respublikasi Anesteziolog va reanimatologlarning VI seʼzdi” oʻz ishini boshladi.
Xalqaro nufuzdagi anjumanda Germaniya, Fransiya, Turkiya, Rossiya, Qozogʻiston, Tojikiston, Koreya va boshqa bir qator mamlakatlar hamda respublikamizning tibbiyot oliy oʻquv yurtlari va tibbiyot markazlarining anesteziolog va reanimatologlari, taniqli olimlari, amaliyotchi-mutaxassislari ishtirok etmoqda.
Ikki kun davom etadigan tadbirda xorijiy va mahalliy anesteziolog va reanimatologlar oʻz bilim, tajriba va koʻnikmalari bilan ishtirok etishmoqda.
Abdulaziz Yoʻldoshev, Xalq soʻzi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring