Samarqandda sodir boʻlgan YTH oqibatida 3 kishi halok boʻldi
Foto: Samarqand viloyat IIB YHXB
Samarqand viloyati Urgut tumanida “Cobalt” va “Damas” rusumli avtomashinalar ishtirokida yoʻl-transport hodisasi sodir boʻldi. Viloyat IIB matbuot xizmati YTH oqibatida 3 nafar fuqaro vafot etganini maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, hodisa joriy yilning 29-iyul kuni soat 12:30 larda Urgut tumani Xoʻjaguzar MFY hududidan oʻtuvchi “Urgut-Gʻoʻs-Avazmergan” avtomobil yoʻlining 5-kilometrida yuz bergan. 2003-yilda tugʻilgan “Cobalt” rusumli avtomobil haydovchisi “Urgut-Gʻoʻs” yoʻnalishi boʻylab harakatlanayotgan vaqtda rul boshqaruvini yoʻqotgan va yoʻlning qarama-qarshi yoʻnalishida harakatlanib kelayotgan, 1991-yilda tugʻilgan haydovchi boshqaruvidagi “Damas” rusumli avtomobil bilan toʻqnashgan.
Hodisa oqibatida “Damas” rusumli avtomobil haydovchisi va yoʻlovchisi ogʻir tan jarohati olib hodisa joyida, yana bir yoʻlovchi esa shifoxonada vafot etgan. Shuningdek, yana ikki nafar “Damas” yoʻlovchilari va “Cobalt” avtomobili haydovchisi tan jarohatlari bilan tuman tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgan.
Hozirda Samarqand viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring