Samarqandda sifatsiz qurilayotgan inshootlar buzilyapti
Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Nazorat tadbirlari davomida Samarqand shahridagi Qorasuv massivida “Meʼmor kompleks” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan maktab binosi qurilishida bir qator qoidabuzarliklarga yoʻl qoʻyilganligi aniqlandi. Mazkur obyekt boʻyicha qurilish ishlarini tashkil qilish loyihasi ishlab chiqilmaganini, hududga olib kelingan materiallar tartibsiz saqlanayotganini qanday izohlash mumkin?
Maktab binosi qurilishida ijro jurnallari tegishli tartibda yuritilmagani, foydalanilayotgan materiallarning ishlab chiqarish sertifikatlari olinmagani, orayopma plitalari qurilish norma va meʼyorlariga rioya qilinmasdan oʻrnatilgani maʼlum boʻldi. Umuman olganda, buyurtmachining texnik, loyihachining mualliflik nazoratlari oʻz vaqtida olib borilmagan.

— Bundan tashqari, binoning 2-qavatida terilgan devor gʻishtlarining vertikal va gorizontal oraliq choklari qorishma bilan toʻliq toʻldirilmagani ham aniqlandi, — deydi Samarqand viloyati hududiy Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi masʼul xodimi Sarvar Bobonazarov. — Qoidabuzarliklar yuzasidan “Qurilishda davlat nazorati” milliy axborot tizimi orqali bajarilishi majburiy boʻlgan yozma koʻrsatmalar berildi hamda sifatsiz bajarilgan ishlar joyida demontaj qildirildi.
Oqdaryo tumanidagi 1-sonli maktabda “Badal qurilish MAX, SAV” xususiy korxonasi tomonidan qurilayotgan qoʻshimcha oʻquv binosida ham monitoring ishlari oʻtkazildi. Ushbu obyektga terilgan ayrim gʻishtlarning oraliq choklari qorishma bilan toʻliq toʻldirilmagani, SG-1 setkalar loyihadan chetlashgan holda oʻrnatilgani aniqlandi.
“Quruvchi binokor Turkiston” MCHJ tomonidan taʼmirlanayotgan 45-umumtaʼlim maktabi binosida ham ishlar sifatsiz bajarilgani qayd etildi.

Monitoring jarayonida aniqlangan qoidabuzarliklar yuzasidan “Qurilishda davlat nazorati” milliy axborot tizimi orqali bajarilishi majburiy boʻlgan yozma koʻrsatmalar berildi hamda loyiha talablari asosida bajarilmagan ishlar joyida demontaj qildirildi.
Reyd tadbirlari davom etmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring