Samarqandda shahar kuni keng nishonlanmoqda
Foto: Xalq so‘zi
1996-yil 18-oktyabr kuni Amir Temur bobomizning 660-yillik yubileyida Samarqand shahri “Amir Temur” ordeni bilan taqdirlangan va bu sana “Samarqand shahar kuni” deb belgilangan edi. Shundan buyon, mana chorak asrdan oshibdiki, ushbu kun viloyatda keng nishonlanib kelinadi.
Bu yil ham anʼanaga koʻra, Samarqand shahri kuni munosabati bilan tashkil etilayotgan asosiy bayram tadbirlari Sohibqiron Amir Temur maqbarasini ziyorat qilishdan boshlandi. Oʻtgan buyuk ajdodlarimiz ruhiga bagʻishlab Qurʼon tilovat qilindi.

Shuningdek, viloyat va shahar hokimliklari, korxona va tashkilotlar, taʼlim muassasalari hamda keng jamoatchilik vakillari, shuningdek, Samarqand shahri bilan birodarlashgan shaharlardan kelgan mehmonlar tomonidan Sohibqiron Amir Temur haykali poyiga gul qoʻyish marosimi oʻtkazildi.
Shu zayl Samarqand shahrining xiyobon, koʻcha va mahallalarida bayram tantanasi boshlandi.
Universitet xiyobonida oʻtkazilayotgan bayram tadbirlarida turli milliy madaniyat markazlari oʻzlarining musiqiy dasturlari hamda milliy taomlari bilan ishtirok etyapti.

— Oʻzbek va ozarbayjon xalqlarining urf-odatlari juda oʻxshash, — deydi Ozarbayjon milliy madaniyat markazi raisi Odil Mirzayev. — Aloqalarimiz keyingi yillarda, ayniqsa, rivojlandi. Samarqanddan Bokuga haftada ikki marta aviareys qoʻyildi. Bu turizm va madaniy aloqalarni yanada jonlantiradi.
Alisher Navoiy nomidagi istirohat bogʻida sana munosabati bilan Samarqand shahridagi 80 dan ortiq maktab oʻquvchilari tomonidan chizilgan rassomlik va qoʻlda yasalgan hunarmandchilik namunalari koʻrgazmasi namoyish etilmoqda.
Shu bilan birga mazkur bogʻda gullar va qushlar, Sharq shirinliklari va boshqa bir qator festivallar, yarmarkalar hamda koʻrgazmalar tashkil qilindi. “Made in Uzbekistan” sanoat yarmarkasida Samarqand shahrida ishlab chiqarilgan mahsulotlar taqdim etilmoqda.
Shahar markazidagi “Marmar” dehqon bozorida esa Samarqand shahri kuni munosabati bilan arzonlashtirilgan sanoat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yarmarkasi tashkil etilgan. Bu yerda viloyatning Samarqand, Toyloq, Kattaqoʻrgʻon, Qoʻshrabot, Ishtixon va Past Dargʻom tumanlarida fermer xoʻjaliklari tomonidan yetishtirilgan sifatli mahsulotlar arzon narxlarda sotilmoqda.

— Har bayram arafasida shahrimizda arzonlashtirilgan yarmarka tashkil etiladi, — deydi samarqandlik mehnat faxriysi Asqar Qarshiyev. — Bu yerda goʻsht-sut mahsulotlari, meva-sabzavotlar — hammasi ancha arzon va sifatli. Qadrdon boʻlib qolgan bayramni toʻkin dasturxon atrofida nishonlash oilamizning anʼanasiga aylanib qoldi.
Sana munosabati bilan shaharda qator korxona va tashkilotlarning yangi binolari, savdo doʻkonlari va mehmonxonalar foydalanishga topshirildi. «Ideal elektrolyuks» korxonasining yangi loyihasi shular jumlasidandir.

— Shu paytgacha korxonamizda ishlab chiqarilayotgan maishiy texnika jihozlari uchun ehtiyot qismlarining aksariyati Eron va Turkiyadan keltirilardi, — dedi tadbirkor Sohib Azimov. — Mahalliylashtirish dasturi asosida yangi loyihalar niishga tushirdik. Bugun ochilgan korxonamizda gaz plitalari va pechlar uchun oynalar tayyorlanyapti. Natijada 50 ta yangi ish oʻrni yaratildi.
Samarqand shahri kuniga bagʻishlangan tadbirlar doirasida “Zarafshon Parkside” mehmonxonasi ham foydalanishga topshirildi.
Tadbirda Samarqand viloyat hokimi Erkinjon Turdimov ishtirok etdi. Tadbir ishtirokchilari mehmonxonada yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Bayram tadbirlari shahar boʻylab davom etmoqda.
Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring