Samarqandda qariyb 25,5 ming gektar yerga toʻqsonbosti ekinlar ekilmoqda
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 15-oktyabrdagi «Sarimsoqpiyoz hamda toʻqsonbosti usulida sabzavot mahsulotlarini yetishtirish va eksport qilishni koʻpaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarori pandemiya sharoitida mamlakatimizning eksport salohiyatini oshirish bilan birga, aholini sifatli qishloq xoʻjaligi mahsulotlari bilan tizimli asosda taʼminlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Azaldan oto-bobolarimiz, mirishkor dehqonlar kuz faslida yerga urugʻ qadab, toʻqsonbosti ekinlar yetishtirishning hadisini olishgan. Shu yoʻl orqali aholining ertagi sabzavotga boʻlgan talabi qondirilgan. Hosildan boʻshagan maydonlarga sovuqqa chidamli ekinlardan - sabzi, piyoz, osh lavlagi, koʻkatlardan — kashnich, petrushka, selderey, salat kabilarni toʻqsonbosti muddatida ekib, yetishtirish muhim ahamiyatga ega.
Mazkur muhim tadbirga Samarqand viloyatida ham jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. «Oʻzagroinspeksiya»ning Samarqand viloyat boshqarmasi axborot xizmat bergan maʼlumotlarga koʻra, 2020-yilda viloyat boʻyicha 25 ming 405 gektar yer maydoniga toʻqsonbosti ekinlardan sabzi, sarimsoqpiyoz, karam, osh lavlagi koʻkatlar yetishtirish rejalashtirilgan. Shuning 5 ming 972 gektari fermer xoʻjaliklari yer maydoniga, 5 ming 951 gektari dehqon xoʻjaliklari va aholi tomorqalariga ekiladi.
Joriy yilning sentyabr oyi va oktyabr oyining oʻtgan davri davomida fermer xoʻjaliklari tomonidan 610 gektar piyoz, 486 gektar sarimsoqpiyoz, dehqon xoʻjaliklari va aholi tomorqalariga 2 ming 902 gektar piyoz, 3 ming 49 gektar maydonga sarimsoqpiyoz ekilgan.
Toʻqsonbosti ekinlarni ekish davomida hududlarning iqlim sharoiti, tuproq unumdorligiga alohida ahamiyat berilmoqda. Viloyatning Urgut, Payariq va Qoʻshrabot tumanlarida toʻqsonbosti ekinlar toʻliq ekildi. Toyloq va Samarqand tumanlarida ekish bilan bogʻliq agrotexnik tadbirlar nihoyasiga yetmoqda.
Yana bir gap. Toʻqsonbosti mahsulotlar erta bahorda, aholining aynan qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga boʻlgan talabi ortgan vaqtda pishib yetilishi bozorlarimizda ushbu mahsulotlar narxi asossiz oshib ketishining oldini oladi.
Shunday ekan, oldimizdan oqayotgan suvning qadrini vaqtida ilgʻay olsak, bozorlarimiz rastalari toʻkin-sochin boʻlishiga munosib hissa qoʻshish orqali oilamizga daromad keltirgan boʻlamiz.
Abdulaziz Yoʻldoshev
(Xalq soʻzi)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring