Samarqandda Oʻzbekiston va Qozogʻiston parlamentlari aʼzolarining konstruktiv muloqoti boʻlib oʻtdi

15:04 10 Aprel 2026 Siyosat
267 0

Qozogʻiston parlamenti delegatsiyasining Oʻzbekistonga tashrifi doirasida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayevaning Qozogʻiston Respublikasi Parlamenti Senati Raisi Maulen Ashimbayev bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

Suhbat chogʻida parlamentlararo hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga doir keng koʻlamli masalalar, shuningdek, siyosiy, iqtisodiy va gumanitar sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari muhokama qilindi.

Ikki davlat rahbarlarining qatʼiy siyosiy irodasi tufayli Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi munosabatlar strategik sheriklik va ittifoqchilik darajasiga koʻtarilgani taʼkidlandi.

Mushtarak tarixiy ildizlar, maʼnaviy qadriyatlar va yaxshi qoʻshnichilik anʼanalariga asoslangan madaniy-gumanitar hamkorlikning ahamiyati qayd etildi. Shu maʼnoda, Oʻzbek-qozoq ilmiy-ijodiy ziyolilarining ikkinchi forumi oʻtkazilishi ikki mamlakatning ilm-fan namoyandalari va ijodkor ziyolilarining muloqoti uchun muhim maydon boʻlib xizmat qiladi.

Koʻp tomonlama formatlarda parlamentlararo hamkorlik, shu jumladan hududlararo forumlarda birgalikda ishtirok etish faollashgani alohida taʼkidlandi. Samarqand shahrida boʻlib oʻtgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi parlamentlararo forumi buning yorqin dalilidir.

Uchrashuvda Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqoti doirasidagi hamkorlik masalalari ham koʻrib chiqildi. Joriy yilda Oʻzbekiston ushbu platformaga raislik qilayotgani hamda navbatdagi yigʻilishni Buxoro shahrida hamda Osiyo xotin-qizlari II forumini oʻtkazish rejalashtirilgani taʼkidlandi.

Bundan tashqari, joriy yil sentyabr oyida Samarqand shahrida XII Yosh parlament aʼzolari global forumi ham boʻlib oʻtishi maʼlum qilindi.

Tomonlar Oʻzbekiston-Qozogʻiston ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, parlamentlararo muloqotni kengaytirish va qoʻshma tashabbuslarni amalga oshirishdan manfaatdor ekanligini bildirdilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?