Samarqandda nomusiga tekkanlarga chora koʻrishini soʻrab IIBga ariza bergan 17 yoshli qiz bedarak yoʻqoldi
Samarqand viloyat prokuraturasi jinsiy erkinlikka qarshi jinoyat boʻyicha rasmiy bayonot berdi.
2021-yil 02-yanvar kuni 2004-yilda tugʻilgan voyaga yetmagan P.E. Kattaqoʻrgʻon tuman IIBga ariza bilan murojaat qilib, unda fuqaro I.S. oʻzining «Matiz» rusumli avtomashinasida uni Kattaqoʻrgʻon shahar “Chinobod” mahallasi hududiga olib borib, zoʻrlik ishlatib nomusiga tekkanligini, shuningdek, fuqaro S.R. ham “VAZ 2106” rusumli avtomashinasida uni Kattaqoʻrgʻon tumani hududida joylashgan “Suv ombori” hududiga olib borib, uni zoʻrlab jinsiy aloqa qilganligini koʻrsatib ularga nisbatan chora koʻrishni soʻragan.
Mazkur holat yuzasidan Kattaqoʻrgʻon tuman IIB huzuridagi TB tomonidan tergovga qadar tekshiruvga kirishilib, voqea joyi koʻzdan kechirilgan, ishga aloqador shaxslarning koʻrsatuvlari olinib, voyaga yetmagan P.E.ning tanasida tan jarohatlariga aniqlik kiritish maqsadida sudga oid tibbiyot ekspertiza tayinlangan.
Ishda toʻplangan dalillarga asosan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 118-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, hozirda jinoyat ishi yuzasidan hududiy tegishliligi boʻyicha Kattaqoʻrgʻon shahar IIB huzuridagi TB tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bundan tashqari, P.E.ning arizasida koʻrsatilgan fuqaro S.R. 2021-yil 13-yanvar kuni oʻzining Kattaqoʻrgʻon tuman «Saroyqoʻrgʻon» mahallasida joylashgan uyida vafot etganligi aniqlangan.
Fuqaro S.R.ning oʻlim sabablarini aniqlash yuzasidan Kattaqoʻrgʻon tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, 2021-yil 14-yanvar kuni Kattaqoʻrgʻon shahar prokuraturasiga fuqaro S.S. ariza bilan murojaat qilib, unda voyaga yetmagan farzandi P.E. 10-yanvar kuni uyidan nomaʼlum tomonga chiqib ketib, qaytib kelmasdan bedarak yoʻqolganligini bildirgan.
Mazkur holat yuzasidan Kattaqoʻrgʻon shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring