Samarqandda mehr-muruvvat tadbirlari davom etmoqda
Foto: Xalq so‘zi
Mamlakatimizda joriy yilning 30-noyabridan 30-dekabriga qadar oʻtkazilayotgan “Mehr-muruvvat oyligi” doirasida Samarqand viloyatida nogironligi boʻlgan shaxslar, ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda imkoniyati cheklangan oilalar holidan xabar olinib, ularga kiyim-kechak va oziq-ovqat mahsulotlari hamda nogironlik aravachalari yetkazib berilmoqda.
“Mahalla” xayriya jamoat fondi respublika boshqaruvi raisi D.Usmonov Samarqand viloyatiga tashrifi davomida viloyat mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi boshligʻi I.Jabborov, viloyat Xalq qabulxonasi boshligʻi M.Turdiyev, Ishtixon tuman hokimi F. Roʻziyev birgalikda Ishtixon tumanidagi mahallalarda boʻlib, oʻnlab xonadonlarga tashrif buyurdi.

Jumladan, yuzma-yuz muloqotlar davomida “Safoxoʻja” mahallasida yashovchi fuqaro Mardon Daminov hozirda bir xonadan iborat boʻlgan uyda yolgʻiz yashab kelayotganini maʼlum qilib, sogʻligi tufayli qoʻltiqtayoqqa ehtiyoji borligini, shu mahallada yashovchi nogironligi boʻlgan Ikrom Asomov esa maxsus aravachaga zarurat sezayotganini aytib oʻtishdi.
Ushbu fuqarolarning muammolari joyida hal qilinib, “Mahalla” xayriya jamoat fondi tomonidan ularga qoʻltiqtayoq, nogironlik aravachasi va oziq-ovqat mahsulotlari berildi.
Darvoqe, fuqaro Ikrom Asomov imkoniyati cheklangan boʻlishiga qaramay, mahalla idorasi yonida joylashgan xonadonda shaxsiy kutubxona ochgan. Mutasaddilar I.Asomovning bu faoliyatini qoʻllab-quvvatlab, kutubxonani boyitish maqsadida qoʻshimcha kitoblar va zarur texnikalar bilan taʼminlashga qaror qildilar.
Koʻngillarga eʼtibor va gʻamxoʻrlik taftini ulashishdek ezgu maqsadga qaratilgan xayrli tadbirlar viloyatda davom etmoqda.
Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring