Samarqandda Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi parlamentlararo forumi doirasida uchrashuvlar oʻtkazildi

10:13 01 Aprel 2026 Siyosat
167 0

Samarqand shahrida boʻlib oʻtayotgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi parlamentlararo forumi doirasida qator parlament delegatsiyalari bilan uchrashuvlar oʻtkazildi.

Jumladan, Oliy Majlis Senati Raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev Qozogʻiston Parlamenti Majilisi Xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik qoʻmitasi raisi Aygul Kuspan, Tojikiston Majlisi Namoyondagon Majlisi Oli raisining oʻrinbosari Mavsuma Muini, Turkmaniston Medjlisi Xalqaro va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasi raisi Maksat Kuliyev, Qirgʻiz Respublikasi Jogorku Keneshining Fan, taʼlim, innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari, madaniyat, sport va yoshlar ishlari qoʻmitasi raisining oʻrinbosari Saltanat Amanova bilan uchrashuvlar oʻtkazdi.

Delegatsiya rahbarlari Samarqand sammitida ilgari surilgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” parlamentlararo forumini taʼsis etish tashabbusini oʻz vaqtidagi va dolzarb qadam sifatida baholab, bu tashabbus Oʻzbekistonning mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirishdagi birlashtiruvchi oʻrnini yaqqol namoyon etayotganini taʼkidladi.

Shuningdek, davlat rahbarlari darajasida erishilgan kelishuvlarni parlament darajasida qoʻllab-quvvatlash va amaliy jihatdan roʻyobga chiqarish muhimligi qayd etildi. Forumni institutsionallashtirish, uni rotatsiya asosida oʻtkazish va ishtirokchilar doirasini kengaytirish boʻyicha takliflar ilgari surildi.

Uchrashuvlarda Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyoga boʻlgan qiziqishi ortib borayotgani qayd etilib, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish uchun muvofiqlashtirilgan mintaqaviy yondashuv zarurligi taʼkidlandi.

Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasidagi doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlari soʻnggi yillarda yangi bosqichga koʻtarilganini alohida qayd etildi.

Shu bilan birga, parlamentlararo hamkorlikni yanada kuchaytirish, jumladan, YXHT Parlament Assambleyasi doirasida transport bogʻliqligi va ekologik barqarorlik masalalariga bagʻishlangan qoʻshma tadbir oʻtkazish tashabbusi qoʻllab-quvvatlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?