Samarqandda xorijiy investitsiyalarni jalb qilish mavzusida 1-xalqaro biznes forum bo‘lib o‘tdi
Foto: “Xalq so‘zi”
So‘nggi yillarda mamlakatimizda olib borilayotgan jadal islohotlar, tadbirkorlik faoliyati uchun berilayotgan imtiyoz va imkoniyatlar, qulay investitsion muhitning yaratilayotgani nafaqat mahalliy, balki xorijiy investorlarning ham qiziqishini oshirmoqda. Buning samarasi o‘laroq, yurtimizda xorijiy investitsiyalar oqimining hajmi ortib, ular ishtirokida ko‘plab qo‘shma korxonalar faoliyati yo‘lga qo‘yilyapti. Samarqandda o‘tkazilgan xalqaro biznes forumi O‘zbekistonga xorijiy investorlarni keng jalb etish, ularni mamlakatimizdagi tadbirkorlik muhiti bilan yaqindan tanishtirish hamda hamkorlik aloqalari ko‘lamini yana-da kengaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi, deyish mumkin.
“O‘zbekiston taraqqiyoti uchun bevosita xorijiy investitsiyalarni jalb qilish" mavzuida o‘tgan xalqaro forumda Fors ko‘rfazi Arab davlatlari hamkorlik Kengashiga kiruvchi mamlakatlarning yetakchi ishbilarmonlari ishtirok etdi. Yurtimizda investitsion muhitni yana-da rivojlantirish uchun o‘ziga xos platforma vazifasini o‘tagan ushbu biznes forum potensial investorlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni va hamkorlikni rivojlantirishga, axborot olish va to‘plash tizimini mustahkamlashga, Fors ko‘rfazi Kengashiga aʼzo mamlakatlarning sarmoyalarini jalb etish, bu boradagi tajribalarni almashishga xizmat qilishi ishtirokchilar tomonidan taʼkidlab o‘tildi.
Xalqaro forum ishida Zoom platformasi orqali Quvayt davlatida faoliyat ko‘rsatuvchi yirik ishbilarmon doira vakillari, investorlar so‘z olib, ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, madaniy aloqalar ko‘lami xususida fikr-mulohazalarini bildirdi. Eʼtirof etilganidek, Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida joylashgan O‘zbekiston, xususan, Samarqand viloyati biznes sohasida o‘zaro hamkorlik uchun qulay hudud sanaladi. Bu yerda turizm, neft-gaz sanoati, transport-logistika tarmoqlarini rivojlantirish uchun imkoniyatlar yetarli. Shundan kelib chiqqan holda ikki davlat sarmoyadorlarining o‘zaro hamkorligini yana-da kengaytirishga qaratilgan bu kabi tadbirlar muhimdir.
Xalqaro forumda Samarqand viloyatining iqtisodiy salohiyati, transport-logistik imkoniyatlari, Urgut erkin iqtisodiy hududi va u yerda yaratilgan qulay sharoitlar xususida ham maʼlumotlar taqdim etildi.
Abdulaziz Yo‘ldoshev, "Xalq so‘zi".
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring