Samarqandda ilk bor yirik toʻqimachilik va moda sanoati tadbiri oʻtkazilmoqda

12:26 09 Sentyabr 2024 Jamiyat
297 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Samarqandda dunyodagi ikkita yirik toʻqimachilik assotsiatsiyasi – “ITMF Annual Conference & IAF World Fashion Convention” (xalqaro toʻqimachilik ishlab chiqaruvchilar Federatsiyasining yillik konferensiyasi va xalqaro kiyim ishlab chiqaruvchilar assotsiatsiyasining jahon moda konvensiyasi) ning birinchi qoʻshma konferensiyasi boʻlib oʻtmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbir ishtirokchilariga yoʻllagan tabrigini investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xoʻjayev oʻqib eshittirdi.

Shundan soʻng Samarqand viloyat hokimi soʻzga chiqib, bunday nufuzli tadbir viloyatda oʻtkazilayotgani samarqandliklar uchun sharaf ekanini aytdi. Keyingi 5-yilda Samarqandda tayyorlangan tekstil mahsulotlari eksporti 2,5 baravarga oshganligini taʼkidladi.

“Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu uch kun davom etadigan tadbirda 100 ga yaqin davlatdan vakillar, 250 ga yaqin xorijiy mehmon, 100 ga yaqin mahalliy korxona, xalqaro brendlar, yirik xalqaro toʻqimachilik kompaniyalari, moliya institutlari va chakana savdo vakillari, retail hamda toʻqimachilik sanoati yetakchilari ishtirok etmoqda.

8-10-sentyabr kunlari rasmiy biznes dasturi doirasida konferensiya ishtirokchilari sanoatning eng dolzarb masalalari va muammolarini, jumladan, sunʼiy intellektning taʼsiri, ishlab chiqarishni raqamlashtirish, xalqaro tartibga solish, barqaror rivojlanish va taʼminot zanjirlarini optimallashtirish masalalarini muhokama qilmoqda.

Konferensiya maʼruzachilari sifatida Amerika kiyim-kechak va poyabzal sanoati assotsiatsiyasi prezidenti Stiven Lamar, Yevropa kiyim-kechak va toʻqimachilik konfederatsiyasi bosh direktori Dirk Vantigem, “Inditex” guruhining barqarorlik boʻyicha direktori Feliks Poza Pena va Cotton Analytics, “Indorama Corporation” va boshqa kompaniyalar vakillari qatnashmoqda.

Toʻqimachilik koʻrgazmasida milliy va xorijiy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlari bilan tanishish, B2B, B2C uchrashuvlari oʻtkazish ham rejalashtirilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер