Samarqandda 378 mln soʻmlik gaz oʻgʻirlangani aniqlandi
Samarqand tumanida 378 mln soʻmlik tabiiy gazdan oʻgʻrincha foydalanish holati aniqlandi. Bu haqda “Hududgaztaʼminot” AJ axborot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, “Hududgaz Samarqand” GTF kompleans nazorat tuzilmalari, gaz taʼminoti boʻlimi va huquq-tartibot organlari bilan hamkorlikda Samarqand tumanida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlash va ularni oldini olishga qaratilgan nazorat tadbirlari oʻtkazilgan.
Xususan, tumanning “Yuqori Chordara” MFYda oʻtkazilgan xatlov vaqtida fuqaro O. A. oʻz xonadonida issiqxona tashkil etib, taʼminot korxonasi bilan shartnoma tuzmasdan, loyiha-texnik hujjatlarisiz va hisoblagichsiz tarmoqqa ulangan holda “zangori yoqilgʻi”dan noqonuniy foydalanayotgani aniqlangan.
Holat boʻyicha dalolatnoma tuzilib, 378 million 763 ming soʻmlik tabiiy gaz hajmlari qayta hisob-kitob qilingan. Hozirda barcha hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring