Samarqandda 34 kishiga koronavirus yuqishiga sababchi boʻlgan tibbiyot xodimiga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi
Illyustrativ foto
Samarqand viloyati hududida COVID-19 infeksiyasi tarqalib ketishining oldini olish va uning kelib chiqish manbasini aniqlash boʻyicha huquqni muhofaza qiluvchi organlar va tibbiyot xodimlaridan iborat ishchi guruh faoliyat olib bormoqda.
Samarqand viloyati prokuraturasi axborot xizmatining xabariga koʻra mazkur guruh tomonidan olib borilgan epidemiologik surishtiruv ishlari davomida viloyatdagi tumanlardan birida boʻlim mudiri vazifasida ishlayotgan fuqaro X.D. joriy yilning 20-aprel kunidan sogʻligʻida oʻzgarish boshlanib, oʻzida yoʻtal, tana haroratining 39 gradusgacha koʻtarilishi, nafas qisishi kabi koronavirus infeksiyasi belgilarini his qilgani holda uy sharoitida davolana boshlaganligi aniqlangan.
U COVID-19 infeksiyasini yuqtirganini sezsa-da, karantin sharoitida tegishli tartibda davlat sanitariya nazorati organlarining tibbiy tekshiruvidan oʻtmasdan, 27-aprel kuniga qadar oʻzboshimchalik bilan uy sharoitida oʻzini oʻzi davolash bilan shugʻullanib, sanitariyaga oid qonun hujjatlarini qoʻpol ravishda buzgan.
Oqibatda X.D. u bilan doimiy muloqotda boʻlgan turmush oʻrtogʻi va boshqa qarindoshlari, oʻzi davolagan bemor va hamkasblaridan 11 nafariga, ular orqali yana 23 nafar shaxsga COVID-19 infeksiyasi yuqishiga sababchi boʻlgan.
2020-yil 12-may kuni X.D.ga nisbatan JKning 257-1-moddasi 1-qismi (sanitariyaga oid qonun hujjatlarni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalari buzish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
X.D. orqali kasallik yuqtirgan jami 34 nafar shaxsning barchasi karantinga olinib, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanayapti.
Jinoyat ishi tergovi viloyat prokuraturasi tomonidan alohida nazoratga olingan.
Abdulaziz Yoʻldoshev
(Xalq soʻzi)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring