Samarqandda 300 gektar maydonda yangi maxsus sanoat zonasi tashkil etiladi
Foto: president.uz
Prezident raisligida sanoat zonalari va yirik investitsiya loyihalari bilan bogʻliq masalalarga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtmoqda. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.
Bugungi kunda hududlarda 35 ta tekstil-boʻyoq va 14 ta terini qayta ishlash boʻyicha yangi loyihalar tayyorlangan.
Shu munosabat bilan yil yakuniga qadar tekstil-boʻyoq va terini qayta ishlash boʻyicha industrial parklar tashkil etish, zamonaviy tozalash inshootlarini qurish boʻyicha loyihalarni boshlash vazifasi qoʻyildi.
Mutasaddilar viloyat hokimlari bilan birga ushbu ishlar hisobidan 20 mingta ish oʻrni yaratishi, qoʻshimcha 250 million dollar eksportni taʼminlashi shartligi taʼkidlandi.
Buxoro, Jizzax, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent viloyati, Fargʻona tadbirkorlari bu imkoniyatdan foydalanib, yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha 630 mln dollarlik yangi loyihalarni boshlash tashabbusi bilan chiqqan. Ularni infratuzilma bilan taʼminlash uchun joriy yilda 120 mlrd soʻm ajratiladi.
Boshqa hududlardan ham yangi loyiha takliflari boʻlsa, ular uchun yana 50 mlrd soʻm ajratilishi taʼkidlandi.
Yigʻilishda Samarqandda 300 gektar maydonda yangi maxsus sanoat zonasi tashkil etilishi belgilandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring