Samarqandda 100 ga yaqin Raqamli texnologiyalar oʻquv markazlari ochiladi

11:20 24 Iyul 2024 Jamiyat
313 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Prezidentimizning “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi farmonida joriy yilning 1-martidan boshlab “Har bir mahalladan ikki nafar dasturchi” dasturi amalga oshirilishi belgilangan edi.

Yoshlarni axborot kommunikatsiya texnologiyasi sohasiga yanada qiziqtirish, ularning bilim va koʻnikmalarini oshirish maqsadida Samarqandda Raqamli texnologiyalar vazirligi koʻmagida 100 ga yaqin Raqamli texnologiyalar oʻquv markazlari ochilishi koʻzda tutilgan.

Hozirgacha viloyatda 685 nafar yosh barcha xarajatlari qoplangan holda IT va xorijiy tillar boʻyicha oʻqitildi. Yana 80 nafari “School 21” raqamli texnologiyalar maktabiga oʻqishga kirgan. Bundan tashqari, koʻplab yoshlar “Kelajak kasblari” loyihasi, “Ibrat farzandlari” platformalarida taʼlim olmoqda.

— Mahalla yoshlari oʻrtasida birinchi marta soʻrov oʻtkazganimda 5 nafari IT yoʻnalishida oʻqish istagini bildirdi, — deydi Toyloq tumanidagi Charogʻbon mahallasi yoshlar yetakchisi Murodjon Farmonov. — Ular uchun oʻquv markazi qidira boshladim. Samarqand shahrida ochilgan “School 21” maktabida boʻlib, tajriba tariqasida oʻzim ham unda bir hafta oʻqidim. Sharoit va oʻqitish texnologiyasi maʼqul kelgach, yoshlarni olib keldim. Hozir ularning 4 nafari shu yerda oʻqimoqda. Keyingi qabul uchun yana 3 nafar nomzodim bor.

“School 21” raqamli texnologiyalar maktabi nafaqat Oʻzbekiston, balki qoʻshni mamlakatlarning ham 18 yoshdan oshgan barcha yoshlariga bepul IT kasbga ega boʻlish imkoniyatini beradi.

Markazda “Tengga-teng” metodologiyasi qoʻllaniladi. Yaʼni, unda darslar va maʼruzalar boʻlmaydi. Bilim jamoa boʻlib ishlash, olingan bilimlarni boshqalar bilan boʻlishish va amaliy tajribalar asosida olinadi. Aniqroq aytganda, maktab yiliga 365 kun, haftasiga 7 kun 24 soat davomida ishlaydi. Oʻquvchi oʻziga qulay vaqtda oʻqishga kelishi mumkin.

— Bu yil 11-sinfga oʻtdim. Mashgʻulotlarga darsdan soʻng qatnashaman, — deydi Kattaqoʻrgʻon tumanining Omonkalxat mahallasidan kelgan Shahboz Salimov. — Bu maktabni mahallamizdagi yoshlar yetakchisi maslahat bergan. Boshida oson boʻlmadi, lekin maqsadimga erishish uchun bu qiyinchilikdan oʻtishim kerak. Barcha harakatimiz amaliyot bilan bogʻliqligi sababli yangi bilimlarni tez oʻzlashtiryapmiz.

Yoshlarning mazkur sohaga qiziqishini oshirish, kelajak kasblariga yoʻnaltirish maqsadida joylarda mazkur maktab va boshqa IT markazlari mutaxassislari ishtirokida uchrashuv va davra suhbatlari oʻtkazib, tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер