Samarqand “Jahon madaniy turizm poytaxti” deb eʻlon qilindi

15:41 27 Oktyabr 2023 Siyosat
245 0

Joriy yilning 16-oktabr kuni BMT Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh Assambleyasining yubiley 25-sessiyasi doirasida Samarqand shahriga “Jahon madaniy turizm poytaxti” maqomini berish toʻgʻrisida deklaratsiya qabul qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, BMT Butunjahon turizm tashkiloti Bosh kotibi Zurab Pololikashvili hamda Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Aziz Abduhakimov ishtirokida muhim hujjat imzolandi.

UNWTOning yubiley sessiyasi ochilish marosimida nutq soʻzlagan Shavkat Mirziyoyev Samarqandga “Jahon madaniyati poytaxti” maqomini berish tashabbusini bildirdi va tadbirda qatnashayotgan xorijiy delegatlarni deklaratsiya imzolanishini qoʻllab-quvvatlashga chaqirdi:

– Tashkilot yubiley yigʻilishining Buyuk Ipak yoʻli gavhari, Yangi Oʻzbekistonning yirik sayyohlik markazi boʻlmish qadimiy Samarqandda oʻtkazilishi chuqur ramziy maʻnoga ega. Sharq Uygʻonish davrining ikki buyuk davri rivojiga ulkan hissa qoʻshgan Samarqand bugun dunyoning zamonaviy sayyohlik markazlaridan biriga aylanib bormoqda. 

Samarqandni “Jahon madaniy turizm poytaxti” deb eʻlon qilish va tegishli deklaratsiyani qabul qilish haqidagi tashabbusimizni qoʻllab-quvvatlaysiz, degan umiddaman. Bu yuksak maqom koʻp asrlar davomida oʻzining betakrorligi va bebaho merosini asrab-avaylab kelayotgan, bagʻrikengligi va mehmondoʻstligi bilan keng tanilgan Samarqandning jahon miqyosidagi shuhratini eʻtirof etadi”.

Taʻkidlash joizki, Samarqandga faxriy maqomning berilishi xalqaro hamjamiyat tomonidan tarixiy shaharning muhim madaniy turizm markazi sifatida eʻtirof etilishini anglatadi. Maʻlumot uchun, shaharda turizm infratuzilmasini yaxshilash borasida 1 milliard dollardan ortiq  investitsiyalar ajratilgan. Keng koʻlamli tadbirlar oʻtkaziladigan joy – “Silk Road Samarkand” xalqaro turizm markazi ushbu investitsiyalarning yirik loyihalaridan biri hisoblanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер