Samarqand viloyatida yoʻllar kaftdek tekis boʻlmoqda

14:11 13 Iyul 2023 Jamiyat
353 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Joriy yilda Samarqand viloyatida eng chekka qishloq hududlarida ham yangi yoʻllar qurish va taʼmirlash borasida jadal ish olib borilmoqda. Misol uchun, shu kunlarda Bulungʻur tumanida aholining murojaatlari asosida bir necha yillardan buyon taʼmirtalab boʻlib yotgan 23,5 kilometr yoʻlga asfalt qoplamasi yotqizish ishlari olib borilyapti. Bu ishlarga 13 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi.

Foto: “Xalq soʻzi”

Oʻtgan asrning 80-yillarida asfaltlangan va bugungi kunda uydim-chuqur boʻlib qolgan yoʻllarda yurish aholi uchun qiyinchiliklar tugʻdirayotgan edi. Endilikda bulungʻurliklar bunday muammolarga duch kelishmaydi. Boisi yangidan asfalt qilingan tekis va ravon yoʻllar foydalanishga topshirilyapti.

— Shu kunlarda tumandagi Amir Temur, Istiqlol, Yangi qoʻrgʻon va Bulungʻur mahallalari hududida ish juda qizgʻin, — deydi Bulungʻur tumani yoʻllardan foydalanish unitar korxonasi boʻlim boshligʻi Sanjar Xoʻjayorov. — Xalqimizga qulaylik yaratish maqsadida yoʻllar ravonlashtirilmoqda.

Foto: “Xalq soʻzi”

Qoʻshrabot tumanining uzoq Qovunchi va Yangiobod mahallalaridagi notekis boʻlgan qariyb 1,5 kilometr ichki yoʻllarga ham bugun asfalt qoplamasi yotqizilmoqda.

— Yoshim qariyb 90 ga boryapti. Bizning chekka qishloqlarda ham shunday yaxshi oʻzgarishlar boʻlayotganidan xursandman, — deydi Ergash bobo Muhiddinov. — Asfalt togʻoldi ichki yoʻllarga ham kirib bordi. Bu yoʻllar Nurota, Joʻsh va Qoʻshrabotni bogʻladi. Bundan tuman ahli juda mamnun.

Foto: “Xalq soʻzi”

Bundan tashqari, viloyatning Nurobod tumanidagi Ittifoq, Chorvador, Olgʻa, Oʻrtaboʻz mahallalari hududidan oʻtuvchi taʼmirtalab “Nurobod-Oʻrtaboʻz-Mehr-Olgʻa” va «Toshquduq-Olgʻa-Hazarmali» avtomobil yoʻllarining 34 kilometr qismini asfaltlash ishlari toʻliq bajarildi. Natijada Chorvador mahallasidan Nurobod markazigacha boʻlgan mahallalarda istiqomat qilayotgan 20 mingga yaqin aholining ogʻiri yengil, uzogʻi yaqin boʻldi. Bugun ularning quvonchi cheksiz.

Ayni kunlarda viloyat boʻylab bu boradagi ezgu tashabbuslar izchil davom ettirilmoqda.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер