Samarqand viloyatida beshta tumanda takroriy ekinga kartoshka ekiladi

15:15 28 May 2020 Iqtisodiyot
880 0

Viloyat hokimi E.Turdimov Jomboy tumanida gʻalladan boʻshaydigan maydonlarda kartoshka ekish boʻyicha rejalashtirilgan loyihalar, belgilangan chora-tadbirlar taqdimoti bilan tanishdi.

Ushbu taqdimotda Jomboy tumanidan tashqari Bulungʻur, Toyloq, Urgut va Oqdaryo tumanlari vakillari ham ishtirok etdi.

Kartoshka ekilishi rejalashtirilgan maydonlarni fermerlar, konturlar kesimida joylashtirish, hududlarda urugʻlik zaxirasi, navi va hosildorligi muhokama qilinib, har gektar ekin maydonidan yuqori hosil olishga asosiy eʼtibor qaratildi.

Birgina Toyloq tumanida 478 ta fermer xoʻjaligi tasarrufidagi 997 ta konturdagi gʻalladan 1841 gektar yer maydoni boʻshaydi va mavjud urugʻlik zahirasi 6443 tonnani tashkil etadi.

Taqdimotda viloyat hokimi kartoshka yetishtirishda har bir jihatga eʼtibor qaratishni taʼkidlab, qaysi fermer xoʻjaligi elita urugʻlik yetishtirishga ixtisoslashganini, xoʻjaliklarga qancha ishchi jalb qilinishini aniqlash, ularning ish haqi, zaruriy kreditlar ajratish, urugʻlik kartoshkaning navi kabi masalalar ham muhokama etildi.

— Bu yumushlar koʻp ishchi kuchi talab etadi, koʻp qoʻshimcha qiymat yaratiladi. Shuning uchun har bir jarayonni puxta rejalashtirish talab etiladi, - dedi E.Turdimov. — Yuqori hosil va sifatli mahsulot yetishtirib, bozorni toʻldirish, eksport qilish lozim. Chunki, bu yil xorij bozorida kiyim-kechakdan koʻra, oziq-ovqatga talab yuqori boʻladi.

Taqdimotda fermer xoʻjaliklarini taqsimlash, urugʻlik zaxiralari, shuningdek, kartoshka mahsuldorligi va navlarini tanlash ham muhokama qilindi. Taqdimot soʻnggida tez orada joylarda fermer xoʻjaliklari bilan uchrashilib, kartoshka ekish boʻyicha loyihalar batafsil koʻrib chiqiladigan boʻldi.

Abdulaziz Yoʻldoshev

(Xalq soʻzi)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер