Samarqand viloyati byudjetidan sardobaliklar uchun 5 milliard soʻm ajratildi

17:36 03 May 2020 Jamiyat
1349 0

Kecha xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining yettinchi sessiyasi boʻlib oʻtdi.

Bir guruh deputatlar tashabbusi bilan oʻtkazilgan sessiyada Sirdaryo viloyatidagi “Sardoba” suv ombori toʻgʻonining bir qismi oʻpirilishi oqibatida yuzaga kelgan tabiiy ofatdan talafot koʻrgan aholini qoʻllab-quvvatlash masalasi koʻrib chiqildi.

Kengash raisi, viloyat hokimi E.Turdimov videoselektor tarzdagi sessiya qatnashchilariga Sardoba tumanidagi voqea, u yerdagi bugungi vaziyat haqida axborot berdi.

— Kecha deputatlarimiz, faollar Sardoba ahliga yordam uyushtirish tashabbusi bilan chiqqandi, — dedi Kattaqoʻrgʻon tumani hokimi A.Bahromov. — Ochigʻi, xalqimizning shu qadar muruvvatli ekanligidan gʻururlandim. Yomgʻir yogʻib turgan boʻlishiga qaramasdan, kechgacha tabiiy ofatdan jabrlanganlar uchun ikkita katta yuk mashinasiga joylanadigan kiyim-kechak, uy-roʻzgʻor buyumlari va oziq-ovqat mahsulotlari toʻplandi hamda ertalab tegishli manzilga joʻnatildi.

Sessiyada joylardagi bu xil tashabbuslar va jamoatchilikning “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati markazi qoshida Sardoba uchun alohida boʻlim tashkil etilgani maʼlumot uchun qabul qilindi.

Shundan soʻng Sardoba ahliga koʻmaklashish xayriya jamgʻarmasiga viloyat byudjetining 2020-yil birinchi chorakdagi daromadlar rejasining oshirib bajarilgan qismidan 5 milliard soʻm pul koʻchirish taklifi oʻrtaga tashlandi va bu taklif deputatlar tomonidan maʼqullandi.

— Sardobaliklar bizning birodarlarimiz, — dedi E.Turdimov. — Yoz mavsumida aholimizni poliz mahsulotlari bilan taʼminlab kelishyapti. Qolaversa, ogʻir kunda yelkadosh boʻlish xalqimizning noyob qadriyatlaridan biri. Bu koʻmakni allaqachon boshlab yuborgan, ijtimoiy tarmoqlar orqali va boshqa shakllarda jabrlanganlarga maʼnaviy madad berib turgan viloyatimiz ziyolilari va aholisiga minnatdorchilik bildiraman.

Darhaqiqat 1-may kuni Sardoba suv omborida yuzaga kelgan talafot va suv toshqini oqibatlarini bartaraf etish uchun bugun butun mamlakatimiz oyoqqa turgan.

Jumladan, samarqandliklar ham Sirdaryo viloyati aholisiga yordam koʻrsatishga harakat qilmoqda. 1-may kuni viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasining maxsus brigadasi birinchilar qatorida voqea joyiga yetib borib, ofatni bartaraf etishga kirishdi. Kechga yaqin esa oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechak, dori-darmon va uy-roʻzgʻor buyumlari yuklangan avtokarvon sirdaryoliklar tomon yoʻl oldi.

Xalq deputatlari viloyat Kengashining 2-may kuni oʻtkazilgan sessiyasida suv toshqinidan zarar koʻrgan Sirdaryo viloyati aholisiga viloyat byudjetining daromadlar qismidan 5 milliard soʻm ajratishga qaror qilindi.

Bundan tashqari, bugun erta tongdan viloyatdan barcha tuman va shaharlaridagi “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati markazlari tomonidan qishloq xoʻjalik va oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechak va uy-roʻzgʻor buyumlari, dori-darmon va boshqa kundalik ehtiyoj uchun zarur vositalar yuklangan 30 dan ortiq avtomashina Jomboy tumanida toʻplanib, katta avtokarvon Sirdaryoga joʻnadi.

Ushbu avtokarvon orqali qoʻshni viloyatga 27,6 tonna un, 27 tonna kartoshka, 17,5 tonna piyoz, 16,7 tonna oʻsimlik moyi, 12,1 tonna sabzi, 11,8 tonna guruch, 4,4 tonna makaron, 24 ming dona tuxum, 320 kg. goʻsht, 3,8 tonna sabzavot mahsulotlari, shuningdek, 3080 juft oyoq-kiyim, 5816 dona kiyim-bosh, 9281 dona koʻrpa-toʻshak, 1688 dona idish-tovoq, 6600 dona gigiyenik va 200 turdagi dori-darmon vositalari yuborildi.

Hududda qurilish va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirishi uchun 2 ta katta qayiq, 20 dona harbiy dala palatkasi, 4 ta ekskavator, 2 ta avtokran va 3 ta buldozor, 81 yuk avtomashinasida poydevor bloklari, togʻ toshi, shagʻal, beton, joʻnatildi.

Kecha Samarqand viloyatidan Sirdaryoga 2 milliard 759 million soʻmlik mahsulot va buyumlar yetkazib berildi. Bu ishlar hali davom etmoqda.

Abdulaziz Yoʻldoshev,

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер