Samarqand sanoati rivojida toʻqimachilik ulushi ortmoqda

00:33 06 Yanvar 2023 Jamiyat
883 0

Foto: Xalq so‘zi

2022-yil yakuni bilan Samarqand viloyatida yalpi hududiy mahsulot hajmining oʻsish surʼati 105,6 foizga, sanoat mahsulotlari 107 foizga, hududiy sanoat ham 107 foizga yetdi. Viloyatda ayni paytda 9 ming 351 ta sanoat korxonasi boʻlib, ular tomonidan 2022-yilda 586,1 million dollarlik mahsulotlar eksporti amalga oshirildi. Oʻtgan yili 175 ta korxona ilk bor eksportga jalb qilinib, ular 41,5 million dollarlik mahsulot sotishga erishdi.

Bu borada toʻqimachilik sanoatining ham ulushi ortib bormoqda. Toʻqimachilik sanoati xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, yangi korxonalarni tashkil etish, aholi bandligini taʼminlash, mahsulot eksportida ham yetakchi tarmoqlar qatorida. 2022-yilda Samarqand viloyatida toʻqimachilik sanoatida 510,5 milliard soʻmlik 38 ta loyiha ishga tushirilib, 2 mingga yaqin ish oʻrinlari yaratildi.

— Bugungi kunda Samarqand viloyatida mingga yaqin tikuv-trikotaj korxonalari mavjud boʻlib, ularda 24 mingga yaqin kishining bandligi taʼminlangan, — deydi “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi Samarqand filiali direktori Dilshod Toʻrayev. — 2023-yilda 240 million dollarlik mahsulotlarni tashqi bozorga chiqarishni oʻz oldimizga maqsad qilib olganmiz. 2022-yilda 50 foizga yaqin paxta tolasini qayta ishlashga erishildi. 2026-yilga borib bu raqam 100 foizga yetadi.

Samarqand tumanidagi «SamRafoattekstil» masʼuliyati cheklangan jamiyati ham viloyatdagi yirik toʻqimachilik quvvatlaridan biri sanaladi. Ichki va tashqi bozorda xaridorgir boʻlgan momiq mahsulotlari ishlab chiqaradigan korxonada 400 ga yaqin kishi doimiy ish bilan band. Mavjud sexlarga zamonaviy uskunalar oʻrnatilgan boʻlib, mahalliy xomashyodan kuniga 10 tonna tayyor mahsulot ishlab chiqarilmoqda. Ahamiyatlisi, mahsulotlarning 80 foizi eksportga joʻnatiladi.

Darvoqe, korxonada ishlab chiqarish hajmini oshirish, mahsulotlar turini kengaytirish hamda yangi ish oʻrinlari yaratish maqsadida qiymati 56 milliard soʻm boʻlgan yangi loyihaga qoʻl urildi. 2022-yilda mazkur loyihaning birinchi bosqichi ishga tushirildi. Ikkinchi bosqichini esa joriy yilda ishga tushirish moʻljallangan.

— Oʻtgan yilda kesadigan, tikadigan qoʻshimcha uskunalar olib kelindi, natijada yuzga yaqin ish oʻrinlari yaratildi, — deydi korxona boʻlim boshligʻi Hakim Sodiqov. — 2023-2024-yillarda yana yangi loyihalarimiz ishga tushadi. Bu loyihalarda biz parda, tyul mahsulotlari ishlab chiqaramiz. Shuningdek, qoʻshimcha 500 ta yangi ish oʻrni yaratamiz.

Jomboy tumanidagi boʻsh turgan maydon oʻrnida ham yangi tekstil korxonasi qad rostladi. Yaqin kunlarda ishga tushirilishi koʻzda tutilgan mazkur loyihaning qiymati 350 milliard soʻm boʻlib, korxonada paxta xomashyosidan ip-kalava ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda. Ayni paytda xorijlik mutaxassislar tomonidan korxona sexlariga zamonaviy dastgohlar oʻrnatilib, soʻnggi montaj ishlari yakunlanmoqda. Qishloq hududida ish boshlaydigan korxonaning foydalanishga topshirilishi bilan 300 nafardan ortiq xotin-qizlar doimiy ish oʻrniga ega boʻladi.

Samarqand viloyatida toʻqimachilik sanoatini rivojlantirish borasida yangi 2023-yilda ham istiqbolli loyihalar ishlab chiqilgan. Unga koʻra, 3 yarim mingga yaqin ish oʻrniga ega boʻlgan 1 trillion 402,3 milliard soʻmlik 48 ta loyihaning manzilli roʻyxati shakllantirilgan. Mazkur loyihalarning ishga tushishi hisobidan esa joriy yilda viloyatda 240 million dollarlik toʻqimachilik-trikotaj mahsulotlarining eksporti amalga oshirilishi moʻljallanmoqda.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер