“Salomatlik yoʻlagi” qurilishidan kim manfaatdor?!
Shu kunlarda Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi tomonidan joylarda qurilib foydalanishga topshirilgan va qurilishi davom etayotgan bino va inshootlarda jamoatchilik nazorati tartibida kuzatuv-oʻrganishlar olib borilmoqda.
Jumladan, Yakkabogʻ tumanida olib borilgan oʻrganishlarda qurilish sohasida jiddiy xato va kamchiliklar koʻzga tashlanayotgani aniqlandi.
"Xususan, Yakkabogʻ tumani hokimining 2021-yil 9-apreldagi 41-4-68-Q/21-sonli qarori bilan «Qishloq qurilish invest» injenering kompaniyasi MCHJ tomonidan Uchtepa MFY, Choʻmich massivi hududidan zaxira yer maydonidan 2 ta 5 qavatli 20 xonadonli 2-3 xonali uy-joylar qurilishi uchun 1,5 gektar yer maydoni ajratib berilgan. Qizigʻi shundaki, mazkur yer uchastkasi boshqa bir tadbirkorga issiqxona qurish uchun ajratilgan. buning natijasida ikki tadbirkor oʻrtasida janjal yuzaga kelgan. Vaholanki, 2 ta koʻp qavatli uy-joy uchun koʻpi bilan 0,5 gektar yer maydoni uy, yoʻl-yoʻlaklar va bolalar maydonlari qurilishi uchun yetarli.
Shuningdek, Yakkabogʻ tumani hokimi tomonidan piyoda va velosipedda yurishga moʻljallangan “Salomatlik yoʻlaklari” qurilishi uchun Yangiobod, Choʻmich va Jambul MFYlari hududlarida joy ajratishga moʻljallagan 2021-yilning 14-yanvardagi HQ-10/01-sonli tuman hokimi qarori qabul qilingan. Biroq, qarorda belgilangan, tuman markazidan oʻtuvchi shoh koʻcha juda torayib qolgan. Bu ham yetmaganidek, tuman hokimining tegishli koʻrsatmalariga muvofiq fuqarolarga tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun yoʻl yoqasiga konteynerlar oʻrnatilgan. Bu esa, “Salomatlik yoʻlagi”ni qurish imkoniyati yoʻqligini koʻrsatadi" deyiladi Federatsiyaning shu boʻyicha bergan xabarida.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring