Saylovchilar ishonchi va deputat masʼuliyati
Namangan viloyatining sharoiti ogʻir mahallalaridan biri — “Uygʻursoy”da “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlari ijrosi yoʻlidagi harakatlar tom maʼnoda uygʻursoyliklar hayotini yaxshilash va ertangi kunga boʻlgan ishonchini oshiryapti, desak, ayni haqiqat.
Maʼlumotlarga koʻra, mamlakatimizda eng sharoiti ogʻir mingdan ortiq mahallalar roʻyxatga olingan boʻlsa, ularning elliktadan ziyodi Namangan viloyati hisobiga toʻgʻri keladi. Viloyat hududining qariyb 45 foizini tashkil qilgan Pop tumanidagi “Uygʻursoy” MFY ana shunday hududlardan biridir.
Atrofi dasht-adirliklardan iborat ushbu mahallada 31 ta ikki qavatli va 90 dan ziyod hovli uy-joylar boʻlib, ularda bugungi kunda 2084 nafar aholi yashaydi.
Tan olish kerak, oʻtgan asrning 50-yillarida qurilgan bu uylar uzoq yillar deyarli taʼmirlanmadi. Kommunal xizmat koʻrsatish toʻgʻrisida-ku, gapirmasa ham boʻladi. Mahalladagi koʻp qavatli uylarga xizmat koʻrsatadigan uy-joy mulkdorlari shirkatining yoʻqligidan fuqarolar barcha kommunal sohaga oid muammolarni oʻz imkoniyatiga qarab bartaraf etishga oʻrganib ham qolgandi.
Qoʻshni Chust tumanidan tortib kelingan 18 kilometr ichimlik suvi quvurlari esa allaqachon chirib boʻlgan, mahallaga bir kecha-kunduzda atigi bir soat suv berilishi sababli koʻp qavatli uylardagi kanalizatsiya tarmogʻi deyarli ishdan chiqqan edi. Hatto oqova suvi ham yoʻqligidan na bir daraxt koʻkartirib boʻladi, na biron ekin ekib boʻladi.
Ichki yoʻllar ham taʼmirtalab holatga kelgan, aholi tibbiy xizmat uchun tuman yoki viloyat markaziga qatnashga majbur. Umumiy oʻrta taʼlim maktabi va bolalar bogʻchasidagi shart-sharoitlar ham maqtagulik emas.
Uygʻursoyliklar uzoq yillardan beri shunday sharoitda yashab keldi. Qilingan yuzlab murojaatlar, shikoyatlar qaysidir rahbarlarning stoli ustida sargʻayib qolaverdi yoki zarur mablagʻ ajratishdagi muammolar sabab rejalashtirilgan ishlar ortga surilib kelaverdi. Lekin shunday sharoitda ham mahalla ahli vaʼdalarga ishonib yashadi, umidini hech ham soʻndirmadi.
Avvalo, davlatimiz rahbarining odilona siyosati tufayli mahallalar yildan-yilga chiroy ochib bormoqda. Muhimi, oddiy odamlarni eshitadigan, ularning dardini tinglaydigan tizim yaratildiki, bundan uygʻursoyliklar ham mamnun.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Abdumalik Akromov mazkur mahalla aholisi bilan uchrashdi, ularning muammolari bilan qiziqdi. Nafaqat qiziqdi, balki aholini oʻylantirayotgan masalalarni hal etish choralarini koʻrdi. Natijada “Uygʻursoy” MFY tuman markazidan qolishmaydigan darajadagi obod goʻshalardan biriga aylanmoqda.
— Mahalladagi muammolarni hal qilish oson boʻlmadi, — deydi deputat. — Butkul izdan chiqqan infratuzilmani yaxshilashga ozmuncha mablagʻ ketmaydi. Birgina tuman bilan bu masalani yechish qiyin. Viloyatda esa sharoiti bundan-da ogʻir mahallalar bor. Ammo saylovchilarning umidi, ishonchi menga kuch-quvvat berdi, yoʻl koʻrsatdi. Tegishli mutasaddi idora va tashkilotlar masʼullari bilan birga mahallaga kelib, mavjud holatni yana bir bor oʻrgandik, aholi bilan gaplashdik.
Maʼlum boʻlishicha, mahallada Ichki ishlar vazirligi tasarrufidagi obyektlar — jazoni ijro etish muassasasi, harbiy qism joylashgan boʻlib, ikki qavatli uylarda harbiylar oilasi bilan yashaydi. Shuningdek, madaniyat uyi, suv oqava tizimi va yana bir qancha obeʼktlar ham vazirlik tasarrufida ekanligidan kelib chiqib, yuqoridagi muammolarni bartaraf etish mazkur vazirlik ishtirokisiz hal boʻlmasligini tushunib yetdim.
Shu yilning yanvar oyida vakolatim doirasida ichki ishlar vaziriga deputat soʻrovi yubordim. Vazir ushbu masalani beeʼtibor qoldirmadi va tegishli tarkibdagi ishchi guruhni “Uygʻursoy”ga joʻnatdi. Mutasaddi tashkilotlar rahbarlari ishtirokida mahallada amalga oshiriladigan ishlar boʻyicha “yoʻl xaritasi” ishlab chiqildi.
Xayrli ishning qanoti bor, deganlaridek, deputat A. Akromovning tashabbusi bilan mahallada tez orada katta koʻlamdaga qurilish-taʼmirlash, obodonlashtirish boshlanib ketdi. Oradan yetti oy oʻtib, kuni kecha uygʻursoyliklar hayotidagi eng quvonchli voqea — bugun tanib boʻlmas darajada bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, mahalladan shaharchaga aylangan “Uygʻursoy” MFYning ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda taʼkidlanganidek, mamlakatimizda “Inson qadri uchun” degan ezgu gʻoya hayotiyligini taʼminlash yoʻlida maqtashga arzigulik ishlar amalga oshirilayotir.
— Biz mahallamizdan shunday oʻzgarishlar boʻlishiga ishonmagandik, — deydi mehnat faxriysi Xolmat Talabboyev. — Qisqa vaqt ichida “Uygʻirsoy”da tanib boʻlmas darajadagi bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Muammolar bartaraf etilmoqda. Ulkan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlaridan mamnunman.
Taʼkidlash joizki, ikki qavatli uylarning barchasi kapital, shuningdek, tom qismi qaytadan yopilib, yoʻlaklar, tashqi devorlar toʻliq taʼmirlanibdi. 18 kilometrli ichimlik suvi quvuri almashtirilib, odamlarga kun davomida ichimlik suvini yetkazish yoʻlga qoʻyildi.
Aholiga daraxt ekib, oʻz hovlisida ekin ekish imkoniyati ham yaratildi. Yangi elektr toʻsinlar oʻrnatilib, simlar almashtirildi. Ichki yoʻllarga asfalt va beton qoplamalar yotqizilib, koʻchalarga tungi chiroqlar oʻrnatildi. Maishiy xizmat xonalari — kichik savdo doʻkoni, ayollar va erkaklar sartaroshxonasi, kompyuter xizmati yoʻlga qoʻyildi. Shuningdek, mini futbol stadioni, bolalar oʻyingohi, “workout” maydonchasi, shinam shiyponlar foydalanishga topshirildi.
Madaniyat uyi ham kapital taʼmirlanib, haqiqiy maʼnodagi Maʼnaviyat va maʼrifat markaziga aylantirildi. U yerda kutubxona, IT-oʻquv kurslari faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Xullas, Uygʻursoy mahallasi Yangi Oʻzbekistonga yarashadigan goʻzal va obod maskanga aylangan.
Ushbu xayrli ishlar uchun mahalliy byudjet 50 mlrd. soʻm, ichki ishlar vazirligi hisobidan esa 7 mlrd. soʻmgacha mablagʻ sarflandi.
Mahalladagi 2-umumiy oʻrta taʼlim maktabining eski binosi oʻrnida yangi oʻquv binosi qurilishi va maktabgacha taʼlim tashkiloti kapital taʼmirlanishi ham kelgusi yildagi dasturga kiritilgani haqidagi xabarni uygʻursoyliklar katta quvonch bilan qarshi olishdi.
Bu hali hammasi emas. Deputat Abdumalik Akromovning deputat soʻrovi asosida qilingan va qilinayotgan ishlarga ham toʻxtalib oʻtsak.
Xususan, Pop bilan Chust tumanlarining chekka hududlarini bir-biri bilan bogʻlovchi asosiy yoʻl — xalq tilida “Selxona” deb ataladigan joyda boʻldik. Maʼlum qilinishicha, 25 yil muqaddam katta miqdorda kelgan sel oqimi bu yerdagi koʻprikni yuvib ketib, katta jarlik paydo boʻlgan edi. Oʻshandan buyon uni qayta tiklash ishlari ortga surilib kelingan. Ikki tuman aholisi va Pop tumanining soʻlim goʻshalari dam olishga kelgan fuqarolar nisbatan uzoq masofani tashkil etadigan yoʻldan yurishga majbur boʻlayotgan edi.
Deputat saylovchilarning murojaatidan soʻng 2021-yilning fevralida Oʻzbekiston avtomobil yoʻllari qoʻmitasiga soʻrov yubordi. Soha mutaxassislari kelib selxonadagi holatni oʻrganib chiqishdi va qisqa muddatda loyiha smeta hujjatlari tayyorlanib, qoʻmitaning tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etishga ajratilgan mablagʻlari hisobidan 2 mlrd. soʻm ajratilib, mustahkam kechuv bunyod etildi.
Shuningdek, A.Akromovning xalq taʼlimi vaziriga yoʻllagan deputat soʻrovi bilan Pop tumanining Yuksalish mahallasida zamonaviy talablar asosida bunyod etilayotgan uch qavatli maktab qurilishi bilan ham tanishdik. Hozir oʻquvchilar tahsil olayotgan maktab binosi 140 oʻringa moʻljallangan boʻlsa-da, bugungi kunda 260 nafar bola oʻqiydi. Achinarlisi, maktab oʻrnida bir paytlar xoʻjalikning kimyoviy dorilar saqlanadigan ombori boʻlgan. Qoʻshimcha binolar qurilib, ombor maktabga aylantirilgan. Issiq kunlarda kimyoviy dorilar taʼsiri sezilib turar, maktab devorlari borgan suri nurab borayotgandi.
— Mahallamizdagi 330 oʻringa moʻljallangan maktab qurilishi ancha yillar oldin boshlangan edi. Lekin moliyaviy muammo sabab, bir qavati qurilib, toʻxtab qolgandi. Abdumalik Akromovning saʼy-harakati bilan maktab qurilishi bu yilgi davlat dasturiga kiritildi. 14 mlrd. soʻm mablagʻ ajratilib, qurilish ishlar qayta boshlandi. Hozir ichki pardozlash ishlari amalga oshirilmoqda. Yaqin oylarda yangi maktabga koʻchamiz. Oʻquvchilar ham, oʻqituvchilar ham, butun qishloq ahli bu kunni sabrsizlik bilan kutyapti, — deydi 48-maktab direktori Sayyora Alimova.
Deputat tahsil olgan maktabda ham boʻlib, oʻqituvchilar va oʻquvchilar bilan suhbatlashdik. Deputatning yordami bilan maktab binolari atrofiga 100 ga yaqin turli manzarali daraxtlar oʻtqazilibdi. Shuningdek, uning yelib-yugurishlari bilan oʻqituvchilar xonasi, faollar zali stol, stullar va boshqa mebellar bilan qayta jihozlanibdi.
Oʻrganishlarimiz jarayonida popliklar deputatning faoliyatidan mamnun ekanliklarini, saylovda uning nomzodini qoʻllab, adashmaganini qayta-qayta tilga olishmoqda.
Deputat Abdumalik Akromov “Saylovchilarimning ishonchi menga yanada koʻproq kuch-quvvat beradi, yangi tashabbuslar sari yetaklaydi”, deydi quvonch bilan. Ha, haqiqatan ham xalqqa xizmat qilish, odamlarning ogʻirini yengil qilishdek ulkan baxt yoʻq dunyoda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring