Saylov va referendum oʻtkazish tartibi yanada takomillashtiriladi

11:37 10 Oktyabr 2023 Siyosat
397 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan — “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum oʻtkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi birinchi oʻqishda konseptual jihatdan koʻrib chiqilmoqda.

Majlisda Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud huquq masalalari qoʻmitasi raisi Jahongir Shirinov maʼruza qilyapti.

Mazkur Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini aralash saylov tizimi (majoritar va proporsional) asosida oʻtkazish, saylov organlarining markazlashgan tizimini shakllantirish, saylov komissiyalari tizimini maqbullashtirish hamda Markaziy saylov komissiyasi faoliyatini takomillashtirishni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Saylovlarning majoritar va proporsional tizimini nazarda tutuvchi qoidalar Saylov kodeksiga kiritilmoqda. Jumladan, saylov okruglari yetmish beshta hududiy bir mandatli hamda yagona saylov okrugiga boʻlinmoqda. Bunda partiya roʻyxati asosida Qonunchilik palatasiga saylovni oʻtkazish uchun Oʻzbekiston Respublikasining butun hududi yagona saylov okrugi hisoblanmoqda. Yaʼni Qonunchilik palatasining 75 nafar deputati amaldagidek majoritar tizim asosida bir mandatli saylov okruglaridan, qolgan 75 nafari esa partiya roʻyxat boʻyicha yangi taklif etilayotgan proporsional tizim asosida yagona saylov okrugidan saylanishi belgilanmoqda.

Eʼtiborli jihati, partiya roʻyxatiga ham gender tengligini taʼminlash maqsadida xuddi majoritar tizim boʻyicha nomzodlarning kamida 30 foizi ayollar boʻlishi nazarda tutilmoqda.

Taʼkidlanganidek, saylov komissiyalari tizimi takomillashtirilib, Markaziy saylov komissiyasi, hududiy saylov komissiyalari, tuman va shahar saylov komissiyalari, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga saylov oʻtkazish boʻyicha okrug saylov komissiyalari va uchastka saylov komissiyalari saylov komissiyalari tizimini tashkil etishi belgilanmoqda.

Yagona saylov okrugi boʻyicha Qonunchilik palatasi deputatligiga saylov natijalarini aniqlash va deputatlik oʻrinlarini taqsimlash tartibi, Markaziy saylov komissiyasi aʼzolari sonini kamida oʻn besh nafardan toʻqqiz nafarga tushirish, uning kamida bir nafar aʼzosi Qoraqalpogʻiston vakili boʻlishi koʻzda tutilmoqda. Shu bilan birga, Markaziy saylov komissiyasining Raisi besh yillik muddatga saylanishi, ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq Markaziy saylov komissiyasining Raisi etib saylanishi mumkin emasligi qonun loyihasida aks etmoqda.

Qonun loyihasi bilan bir mandatli saylov okruglarida boshqa nomzodlarga nisbatan koʻproq ovoz olgan deputatlikka nomzod saylangan deb hisoblanishi belgilanmoqda. Yaʼni, mutlaq koʻpchilik emas, balki nisbiy koʻpchilik ovozi bilan deputatlar saylanishi nazarda tutilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер