Saylov uchastkalariga media-tur tashkil qilindi
1-Qoraqalpogʻiston okrug saylov komissiyasining matbuot markazida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun media-tur tashkil qilindi.
Tadbir ishtirokchilari ushbu markaz xodimlari va saylov jarayonlarini yoritib boruvchi jurnalistlarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Eng zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan markazda elektron (televideniye, radio), nashriy ommaviy axborot vositalari bilan ishlash hamda internet tarmogʻi orqali saylovni yoritish guruhlari faoliyat koʻrsatmoqda.
Matbuot markazi oʻz faoliyatini boshlashi bilan (Telegram, Facebook) ijtimoiy tarmoqlarda rasmiy sahafilarini ochib, saylovga oid targʻibot materiallarini joylashtirib kelmoqda. Bugungi kungacha okrugda oʻtkazilgan rasmiy yigʻilishlarni yoritishdan tashqari 1100 dan ortiq saylovga oid materiallar ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirildi.
Tadbir doirasida jurnalist va blogerlar Nukus shahridagi 8-, 16-, 42-saylov uchastkalarida boʻlib, ularda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Maʼlumot oʻrnida aytish kerakki, belgilangan tartibga koʻra Qoraqalpogʻiston Respublikasi saylov uchastkalarida 8 ming 423 nafar saylovchi muddatidan oldin ovoz berib, saylash huquqidan foydalandi.
Gʻ.Otajonov, “Xalq soʻzi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring