Sahroga aylanayotgan Qorakoʻl
Sahroga aylanayotgan Qorakoʻl Necha yildirki Buxoroning Qandim massivi aholisi gazni qayta ishlash zavodidan tarqalayotgan yoqimsiz hid bilan nafas oladi. “Zahar” yutayotgan aholi gaz hidini bilsa-da, gazning oʻzidan “bexabar”.
Aholiga deyarli gaz yetkazib berilmaydi. Shu sababli odamlar saksovullarni kesib oʻtin qilishadi, shu tariqa qishda jon saqlaydilar. “Zahar zaqqumini yutamiz-u, oʻzidan naf koʻrmaymiz”, deydi tuman aholisi.
Qorakoʻl tumani aholisi ham buta va saksovullarni yoqib qish oʻtkazmoqda. Ammo, saksovul va butalar birini uzsang orqasidan oʻntasi oʻsib chiqadigan pechak oʻt emas. Kesilgan daraxtlar oʻrniga yangilari ekilmayapti. Ekilsa-da yer suvsizlanib, shoʻrlanib borayotgani sabab saksovulzorni qayta tiklash imkonsiz. Aslida uni tiklashga birov urinayotgani ham yoʻq. Hokimiyat hozircha bu muammoga eʼtibor qaratmayapti. Albatta, bu tuman hokimiyati darajasida hal boʻladigan muammo emas, lekin yuqoridagi rahbariyat eʼtiborini shu masalaga jalb etish aynan hokimlikning boʻynida. Biroq, koʻchalar, yoʻllar hatto mutasaddilarning koʻzlarini ham qum bosganday goʻyo. Oqibati jiddiy tus oladigan bu muammoga bugun negadir odamlar ham befarq. Tabiatdagi muvozanatni ushlab turgan daraxtlarni kesib, yoqayotgan odamlarni ham qoralay olmaysiz. Axir yoqilgʻi boʻlmagach, bechora odamlar nima ham qilsin?
Saksovulsiz qolgan choʻl qumlari esa tobora shahar markazigacha yetib bormoqda. “Shaharning istalgan ungurida qum uyumlari topiladi. Bu qum oqimlaridan ekinzorlaru paxtazorlar omon qolyapti deysizmi? Aslo, bu bora-bora hosildorlikka zarar yetkazishi, yerlarni suvga boʻlgan talabini oshirishi muqarrar. Ish shunday davom etaversa, bir kun kelib paxta dalalari-yu, aholi tomorqalarini bu millionlab tonna qum zarralaridan tozalashning mutlaqo imkoni qolmaydi.
Tuman markazlarida ham oʻtin ortgan ulovlarni uchratish mumkin. Oʻtinchilarning aytishicha, yaqin 40-50 km. atroflikda oʻtinga yaraydigan saksovullar qolmayapti. “Agar, Qandim gazining arzimas bir qismi shu shaharning oʻziga berilganida ham bu muammoning oldi olingan, saksovulzorlaru, yulgʻunzorlar qayta tiklanishiga imkon yaratilgan boʻlar edi. Va oqibatda bir jihatidan hosildorlik saqlanib qolinsa, yana bir yaxshi tomoni toza havo muammosi hal qilinardi. Bir vaqtlar yuzaga kelgan muammoni Amu-Qorakoʻl kanalini ishga tushirish bilan hal qilganlaridek, bu muammoga ham biror ijobiy yechim topishlarini tegishli mutasaddilardan butun tumanimiz aholisi nomidan soʻrab qolamiz...
Umid Xolliyev, oʻqituvchi, Qorakoʻl tumani
OʻzA.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring