Rossiyaning Ukrainada olib borayotgan harbiy harakatlari moliya bozorlarida sarosimalarga sabab boʻlmoqda

19:19 25 Fevral 2022 Dunyo
2769 0

Illyustrativ foto

Ukrainadagi soʻnggi voqealar soyasida jahon moliya bozorlarida tushkunlik yuzaga keldi. Oxirgi yetti yilda ilk bor jahon bozorida neftning bir barreli bahosi 100 AQSH dollaridan ziyodga koʻtarildi. Ukrainaga hujum haqidagi xabarlar ortidan Brent nefti bir barrelining (156 litr) narxi 105 dollarga chiqdi. JP Morgan tahlilchilariga koʻra, yaqin kunlarda bir barrel neft narxining 150 dollarga koʻtarilishi kutilmoqda.

Ayni paytda Rossiya rublining qadrsizlanishi kuzatildi: 1 AQSH dollari 90 rublga, 1 Yevro 100 rublgacha chiqib ketdi. Moskva birjasida bir muddat savdolar toʻxtatilgan. 24-fevral tongidan eʼtiboran Rossiyaning barcha shirkatlari aksiyalari shitob bilan arzonlab bormoqda. Moskva birjasi indeksi 11 foizga qulagan. Oldi-sotti jarayonida katta sarosima kuzatilmoqda. Investorlar Ukrainaga bostirib kirilgani ortidan Rossiyaga nisbatan Gʻarb vaʼda qilgan yangi keskin sanksiyalar joriy etilayotganidan tashvishda. Bir kun ichida Rossiya kompaniyalarining 150 milliard dollar zarar koʻrgani aytiladi. AQSH dollari payshanba tongidan buyon qimmatlashayotgani yana inflyatsiya darajasining oshishiga sabab boʻlmasligi mumkin emas. Oʻz navbatida, mazkur holat aholi daromadlarida salbiy aks etadi.

Rossiya yirik kompaniyalarining aksiyalari qulashi ortidan jahondagi yirik birjalarda ham savdolar hissalarning bahosi tushishi bilan boshlandi. Rossiya Markaziy Banki rubl qiymatini koʻtarib turish maqsadida intervensiya boshlaganini eʼlon qildi. Rossiya rublining qadrsizlanishi qoʻshni Markaziy Osiyo davlatlarida ham kuchli aks-sado berdi.

Qozogʻiston Milliy banki tanga kursini qoʻllab-quvvatlash uchun yarim kun ichida 104 million dollar sarfladi. Regulyator matbuot xizmati xabariga koʻra, bu qaror “geosiyosiy vaziyat sezilarli darajada yomonlashganda tashqi sektordan xatarlarni realizatsiya qilish fonida narxlar barqarorligini saqlash zarurati bilan bogʻliq”. Qozogʻistonda kun davomida valyuta ayirboshlash shoxobchalarida dollar qimmatlashda davom etdi va kunning ikkinchi yarmidagi birja savdolari yakunlariga koʻra, dollar kursi 465,9 tengeni tashkil qildi. Kun davomida tengening tushishi 28 punktni tashkil etdi. Vaholanki, 24-fevral kuni ertalab rasmiy kurs 437 tenge edi.

Qirgʻiziston Milliy banki ham tashqi va ichki valyuta bozoridagi vaziyatga izoh berdi. Milliy bank xabarida taʼkidlanishicha, Ukrainadagi voqealar munosabati bilan hamda AQSH va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari tomonidan Rossiyaga qarshi qoʻllanilishi mumkin boʻlgan sanksiyalar haqidagi maʼlumotlar fonida Rossiya rubli kursining yuqori oʻzgaruvchanligi tashqi moliya bozorlarida kuzatilmoqda. Bu ichki valyuta bozorida dollar kursining oshishiga olib keldi. Qirgʻiziston Milliy bankning fikricha, bunga “koʻp jihatdan psixologik omillar va bozor ishtirokchilarining umidlari sabab boʻlmoqda”. “Milliy bank” bank hamjamiyati vakillari bilan mavjud vaziyat va yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xatarlarning oldini olish masalalarini muhokama qildi. “Ukraina atrofidagi inqiroz fonida ichki valyuta bozorida dollarga talab ortib bormoqda. Vaziyatni barqarorlashtirish uchun Milliy bank valyuta intervensiyalarini amalga oshirdi. Zarur hollarda Milliy bank valyuta bozorida ishtirok etishda davom etadi, uni moslashtirish uchun zarur resurslar va vositalarga ega boʻladi”, — deyiladi Qirgʻiziston Milliy banki xabarida. 24-fevral kuni Qirgʻiziston banklari AQSH dollari kursini keskin oshirdi. Ertalab Amerika valyutasi 84,9 somdan sotildi, soat 15:25da dollar kursi 95 somgacha koʻtarildi. Ayrim banklarning mobil ilovalarida valyuta ayirboshlash imkoniyati oʻchirib qoʻyilgan.

Tojikistonda ham rublning somoniga nisbatan kursi keskin tushib ketdi. 24-fevral kuni ayrim kredit tashkilotlari («Esxata bank» va «Amonatbank») 1000 Rossiya rubli Tojikiston Milliy banki belgilagan kurs boʻyicha 128 somoniy, bir kun avvalgidan 13 somoniyga arzonlashganini tasdiqladi. Tojikiston Milliy banki rubl kursining somoniyga nisbatan keskin tushib ketgani haqidagi xabarlarni tasdiqlamadi yoki rad etmadi. Tojikistonda 2016-yildan beri Markaziy bank koʻrsatmalariga koʻra rubldagi oʻtkazmalar qabul qilish vaqtidagi kurs boʻyicha konvertatsiya qilingandan soʻng faqat somoniyda beriladi.

Xullas, bir tomonda harbiy operatsiyalar, ikkinchi tomonda xalqaro moliya bozorlaridagi karaxtlik davom etmoqda.

Abduvali SOYIBNAZAROV,
xalqaro sharhlovchi. 

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер