Rossiyaning koronavirusga qarshi vaksinasi sinovlari Saudiya Arabistonida oʻtkaziladi
Rossiyada COVID-19 vaksinasining odamlarda oʻtkazilgan sinovlari muvaffaqiyatli oʻtdi. Bir necha oy davom etgan ushbu jarayon shu hafta oʻz yakuniga yetdi va unda 38 kishi qatnashdi.
Hozirda ushbu vaksina 100 kishi bilan ikkinchi marta sinovdan oʻtkazilmoqda. Endilikda ruslar tekshiruvlarning uchinchi bosqichini Saudiya Arabistonida oʻtkazishni rejalashtirishmoqda.
Rossiya investitsiya fondi bosh direktori Kiril Dmitriyevning soʻzlariga koʻra, koronavirus vaksinasining minglab odamlar ustida oʻtkaziladigan uchinchi bosqichi Saudiya Qirolligida oʻtkazilishi mumkin. Ushbu jarayon avgust oyida boshlanishi kutilmoqda.
“Saudiya allaqachon koronavirusni davolash uchun biz ishlab chiqargan avifavir dorisini sotib oldi. Biz Qirollik bilan nafaqat vaksinamizni sinovlardan oʻtkazish borasida muzokaralar olib bormoqdamiz, balki vaksinani Saudiyada ishlab chiqarishni ham muhokama qilyapmiz.
Biz Saudiyani oʻzimizning muhim sherigimiz deb hisoblaymiz va ishonamizki, vaksina ishlab chiqarish borasida juda yaxshi hamkorlikni yoʻlga qoʻyamiz” deydi Dmitriyev.
Rossiyada yaratilgan vaksina avgustdan boshlab odamlarga yetkazib berilishi kutilmoqda. Agar shunday boʻlsa, bu dunyodagi koronavirusga qarshi ilk vaksina boʻladi. Ruslar vaksinani shu yilning oxirigacha 30 million dozada Rossiya hududida, yana 170 million dozada boshqa mamlakatlarda ishlab chiqarishni rejalashtirishmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring