Rossiyada jazo oʻtayotgan oʻzbekistonliklarning bolalari Vatanga qaytarildi

09:58 25 Dekabr 2024 Jamiyat
478 0

Oʻzbekistonning Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan Rossiyaning Volgaboʻyi federal okrugidagi Mordoviya jazoni ijro etish muassasasida jazo oʻtayotgan fuqarolarning voyaga yetmagan bolalarini Vatanga qaytarish jarayoni muvaffaqiyatli yakunlandi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi. Ushbu jarayon Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi va Bosh konsulxona diplomatlari olib borgan maqsadli muzokaralar natijasida amalga oshirildi.

Kelishuvga koʻra, bolalar Mordoviya jazoni ijro etish muassasasi hududida joylashgan Bolalar uyidan olib ketildi. Diplomatlar, Oʻzbekiston Ichki ishlar vazirligi va tibbiyot xodimlari hamrohligida yosh bolalar qabul qilindi. Ularga zarur huquqiy, tibbiy va psixologik yordam koʻrsatildi.

Qayd etish kerakki, Rossiyadagi jazoni ijro etish muassasalari hududida joylashgan Bolalar uyidan oʻzbekistonlik yosh bolalarni repatriatsiya qilish tadbiri ilk bor amalga oshirildi. Bu Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikning muvaffaqiyatli namunasi sifatida baholanmoqda.

Oʻzbekiston Bosh konsulxonasi tomonidan bolalarning repatriatsiyasi uchun barcha shart-sharoitlar yaratildi. Bolalarni olib kelish jarayonida xavfsizlik va tibbiy talablar toʻliq taʼminlangan. Mazkur tadbir Oʻzbekistonning oʻz fuqarolari huquqlarini himoya qilish va ularga gʻamxoʻrlik koʻrsatish boʻyicha olib borayotgan siyosati samaradorligini yana bir bor tasdiqlaydi.

Vatanga qaytarilgan bolalarning holati nazoratga olinadi va ularning hayotini yanada yaxshilash uchun zarur choralar koʻriladi. Bu tarixiy qadam boʻlib, yosh avlod huquqlari va manfaatlarini taʼminlashda muhim ahamiyatga ega.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер