Rossiyada migrantlarning tibbiy koʻrikdan bosh tortgani uchun jarimalar oshirilishi maʼqullandi
Rossiya Davlat dumasi deputatlari migrantlarning tibbiy koʻrikdan oʻtishdan boʻyin tovlashi uchun jarimalarni 12 barobardan ziyod oshirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini birinchi oʻqishda qabul qildi. Bu haqda TASS xabar berdi.
Amaldagi qonunchilikka koʻra, xorijiy fuqarolarning tibbiy koʻrikdan bosh tortgani uchun 2–4 ming rubl miqdorida jarima va sud qarori bilan mamlakatdan chiqarish chorasi nazarda tutilgan.
Qonun tashabbuskorlari jarima miqdorini 25–50 ming rubl darajasigacha oshirishni taklif etmoqda. Shu bilan birga, sud qarori asosida deportatsiya qilish imkoniyati saqlanib qoladi.
Belgilangan muddatda jarima toʻlanmasa, dastlabki summaning ikki barobari miqdorida qoʻshimcha jarima solinadi va majburiy tarzda mamlakat hududidan chiqarish chorasi qoʻllaniladi.
Shuningdek, xorijiy fuqarolarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tartibini buzganlik uchun maʼmuriy javobgarlik joriy etish taklif qilinmoqda. Jismoniy shaxslar uchun jarima 25–100 ming rubl, mansabdor shaxslar uchun 100–200 ming rubl, yuridik shaxslar uchun esa 300 ming rubldan 1 million rublgacha etib belgilanishi rejalashtirilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring