Rossiyada xususiy kosmodrom qurilish loyihasi toʻxtatilgan
Loyiha ustida ishlayotgan “Kosmokurs” xususiy kosmik kompaniyasining bosh direktori Pavel Pushkin “RIA Novosti” bilan suhbatda byurokratik toʻsiqlar haqida shikoyat qilgan. Unga koʻra, bir yil oldin kompaniya Nijniy Novgorod viloyati hokimiyati bilan kosmodromning sanitariya muhofazasi zonasini muvofiqlashtirish toʻgʻrisida kelishib olgan.
Tegishli loyiha “Rospotrebnadzor”ning Nijniy Novgorod institutiga, keyin Federal biotibbiyot agentligiga, undan keyin Federal “Rospotrebnadzor”ga yuborildi. Kompaniya rahbari hech qanday javob olinmaganini aytgan.
Shuningdek, kosmik sayyohlar uchun suborbital raketani yaratish loyihasi boʻyicha ishlar ham toʻxtatilgan, deya xabar bergan Pushkin “TASS” nashriga. Uning soʻzlariga koʻra, “Kosmokurs” ikki yildan buyon loyihalashtirish uchun Mudofaa vazirligidan meʼyoriy hujjatlarni ololmayapti. Shuningdek, Pushkinning qayd etishicha, harbiylar “qonuniy nuqtayi nazardan toʻgʻri gapiryapti”, chunki Mudofaa vazirligi “Kosmokurs” loyihalarining buyurtmachisi emas.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring