Rossiya hududida Fargʻona ulgurji taqsimlash logistika markazi ish boshladi
Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Fargʻona viloyatida yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini toʻgʻridan-toʻgʻri Rossiya isteʼmolchilariga yetkazib berish imkoniyati yaratildi.
Gap shundaki, Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov boshchiligidagi viloyat delegatsiyasi Rossiya Federatsiyasining Omsk viloyatiga rasmiy tashrifi doirasida “Frukt-Siti” ulgurji taqsimlash logistika markazining tantanali ochilish tadbiri boʻlib oʻtdi.

Oʻzbek tadbirkorlari taʼsischiligida 700 million rubl sarflanib qurilgan yangi ulgurji taqsimlash logistika markazi 9 gektar maydonni egallagan boʻlib, u barcha zamonaviy infratuzilmaga ega. Bozor 16 ta har biri 380 kvadrat metrdan iborat keng va qulay hududlardan iborat. Bu meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash, qayta ishlash va qulay sharoitda sotish imkonini beradi.
Oʻz navbatida, bozor hududida 72 ta savdo doʻkonlari faoliyati yoʻlga qoʻyilib, bu yerda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari, oziq-ovqat va boshqa isteʼmol tovarlari sotiladi. Markazda 450 ta yuk mashinasi uchun moʻljallangan turargohlar ham tashkil etildi. Logistika markazining bir qismida Fargʻona savdo uyi ham ochildi.

— Bu markaz viloyatimizdan Rossiya bozoriga qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini barqaror yetkazib berishda muhim omil boʻlib xizmat qiladi, — dedi Fargʻona viloyati hokimi X. Bozorov. — Natijada hududlarimiz oʻrtasidagi hamkorlik, ishonch va strategik sheriklik yanada rivojlanadi.
Bozorda 800 nafardan ziyod hamyurtlarimiz doimiy ish oʻrni bilan taʼminlanadi. Shu maqsadda zamonaviy turarjoylar, tibbiy xizmat va boshqa zarur shart-sharoitlar muhayyo etiladi.

Yuzma-yuz muloqotda Fargʻona viloyati hokimi tadbirkorlarning murojaat va takliflarini ham eshitib, hamkorlikda bozor faoliyatini jonlantirish boʻyicha aniq chora-tadbirlar rejasi belgilab olindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring