Rejep Tayyip Erdogʻan “Oliy darajali Imom Buxoriy” ordeni bilan taqdirlandi

20:48 10 Noyabr 2022 Siyosat
1346 0

Bu haqda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev maʼlum qildi. “Bugun tarixiy voqea — bugun qardoshim Rejep Tayyip Erdogʻan Oʻzbekistonning «Oliy darajali Imom Buxoriy” ordeni bilan taqdirlandi», — dedi Prezident.

“Xabaringiz bor, 2017-yili BMTning 72-sessiyasida ulugʻ bobomiz Imom Buxoriyning merosini oʻrganish haqida gapirgandim va oʻsha paytda Turkiya Prezidenti, qardoshim Rejep Tayyip Erdogʻan bu fikrlarni qoʻllab-quvvatlagan edi”, — deya qoʻshimcha qildi davlat rahbari.

“Biz Oʻzbekistonda Imom Buxoriy bobomizning merosini chuqur oʻrganish uchun Samarqand zaminida ul zotning nomida xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va hadis ilmi maktabini tashkil etdik”, — dedi Prezident.

“Oʻzbekiston xalqi sizning qardosh ellarimiz oʻrtasidagi doʻstona aloqalarni keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga olib chiqish, oʻzaro manfaatli loyihalarni samarali amalga oshirish borasidagi shaxsiy hissangizni yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi. Ishonchim komilki, umumiy til va madaniyatga, ajdodlarimizning boy merosiga, mushtarak intilishga asoslangan doʻstlik va qardoshlik munosabatlarimiz yanada ravnaq topadi”, — deya taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev.

Eslatib oʻtamiz, “Oliy darajali Imom Buxoriy” ordeni ilm-fan va madaniyat, jumladan, islom maʼrifati rivojiga ulkan hissa qoʻshgan buyuk alloma va mutafakkirlarning hayoti hamda ilmiy merosini oʻrganish va xalqaro maydonda keng targʻib qilishda katta yutuqlarga erishgan xorijiy davlatlar va hukumatlar rahbarlariga beriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер