Respublika maxsus komissiyasi harakatlanish boʻyicha bir qator cheklovlarni joriy etmoqda
RESPUBLIKA MAXSUS KOMISSIYASI AXBOROTI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirigʻiga muvofiq, koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash boʻyicha respublika maxsus komissiyasining qarori bilan bir qator cheklovlar oʻrnatilib, muayyan choralar koʻrilmoqda.
Xususan, 2020-yil 30-mart soat 06:00 dan 20-aprel soat 00:01 ga qadar VILOYATLARARO, TOSHKENT VA NUKUS SHAHARLARI HAMDA VILOYATLAR MARKAZLARIDA Davlat xizmatlari markazlari tomonidan beriladigan maxsus ruxsatnoma (stiker)lar asosida avtotransport vositalari harakatlanishiga ruxsat beriladi.
Mazkur ruxsatnomalar quyidagi faoliyatlarni amalga oshirish uchun biriktirilgan avtotransport vositalariga taqdim etiladi:
oziq-ovqat mahsulotlari, dori vositalari va tibbiy buyumlar savdosi bilan shugʻullanadigan tashkilotlarning xizmat avtotransport vositalari, shuningdek, mazkur tashkilotlarda doimiy mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan xodimlarning shaxsiy avtotransport vositalari;
Sanitariya va gigiyena mahsulotlarini (koronavirus infeksiyasidan himoyalovchi va dezinfeksiya qiluvchi vositalar) ishlab chiqaruvchi va chakana savdo, dorixona faoliyati bilan shugʻullanuvchi yuridik va jismoniy shaxslarning avtotransport vositalari;
Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq va Zangiota tumanlarida, Toshkent shahrining Olmazor, Chilonzor va Yashnobod tumanlarida barpo etilayotgan shifoxona va xiyobonlar qurilishiga jalb etilgan yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga tegishli avtotransport vositalari.
Bunda, yuridik va jismoniy shaxslarning ishchi xodimlari markazlashgan tartibda avtobus (mikroavtobus) orqali Koraqalpogʻiston Respublikasi Nukus shahri, Toshkent shahri va viloyat markazlariga kiritishi belgilab qoʻyilmoqda.
Shu bilan birga, respublika maxsus komissiyasining qarori bilan koʻchalarda harakatlanishi uchun quyidagi avtotransport vositalariga maxsus ruxsatnoma talab etilmaydi:
Oʻzbekiston Respublikasi va xorijiy davlatlarning diplomatik xizmati xodimlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining takliflariga muvofiq tashrif etilgan xalqaro tashkilotlarning delegatsiyalari aʼzolarining tegishli avtotransport vositalariga;
Aholi va tashkilotlarga kommunal xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlarga (gaz, elektr energiyasi, issiqlik taʼminoti, sovuq suv, suv oqava va boshqa tashkilotlar) tegishli avtotransport vositalariga;
aloqa xizmatlarini koʻrsatuvchi tashkilotlarga tegishli avtotransport vositalari hamda “Oʻzbekiston pochtasi” AJning pochta joʻnatmalariga;
tijorat banklariga tegishli xizmat avtotransport vositalariga;
tibbiy va epidemiologik xizmatlar koʻrsatuvchi korxonalarning avtotransport vositalariga;
huquqni muhofaza qiluvchi organlar va maxsus hamda qutqaruv korxonalarining avtotransport vositalariga;
N1, N2 va N3 toifaga kiruvchi avtotransport vositalariga hamda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini olib kelayotgan M1 (bir nafar yoʻlovchi bilan) toifadagi avtotransport vositalariga;
viloyat, shahar va tuman hokimlari va ularning oʻrinbosarlarining avtotransport vositalariga;
yoʻlovchi tashish faoliyati bilan shugʻullanish litsenziyasiga ega boʻlgan yoʻnalishsiz taksilarga (oʻzlarining roʻyxatdan oʻtgan maʼmuriy hududi doirasida) yoʻlovchilarsiz, yetkazib berish xizmati (kuryer, dostavka)lariga;
yetkazib berish xizmati (keytering) tashkilotlarining avtotransport vositalariga, shuningdek, yoʻlovchi tashish xizmatini koʻrsatuvchi tashkilotlarning yetkazib berish xizmatini koʻrsatayotgan avtotransport vositalariga;
fuqarolarga kechiktirib boʻlmaydigan tez tibbiy yordam koʻrsatish (homiladorlik, tan jarohati, inson hayotiga xavf tugʻdirayotgan boshqa holatlar) bilan bogʻliq hollarda tibbiyot muassasasiga borayotgan va undan qaytayotgan shaxsiy avtotransport vositalariga;
dafn marosimlarida xizmat koʻrsatuvchi maxsus avtotransport vositalariga;
yoʻl-patrul xizmati avtomobillari yordamida kuzatilayotgan avtotransport vositalari shular jumlasidan.
Qayd etish lozimki, maxsus ruxsatnoma talab etiladigan avtotransport vositalariga (tegishli tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilgan holda) Maxsus ruxsatnomalar berish tizimi joriy yilning 29-mart soat 09:00 dan amaliyotga joriy etiladi.
Adliya vazirligi tomonidan beriladigan maxsus ruxsatnoma asosida harakatlanadigan boshqa avtotransport vositalari faqatgina ushbu muassasa va tashkilotlar faoliyati bilan bogʻliq holda harakatlanishiga ruxsat beriladi. Shaxsiy manfaat yoʻlida foydalanish qatiyan man etiladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring