Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qarshi filialiga direktor tayinlandi
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirining tegishli buyrugʻi bilan Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Rentgenendovaskulyar jarrohlik boʻlimi rahbari vazifasida ishlab kelgan Yuldoshev Nabijon Pirimovich shu markazning Qarshi filiali direktori etib tayinlandi.
Tibbiyot fanlari doktori Nabijon Yuldoshev Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazi navbatchi shifokori, aspiranti, yurak aritmiyasi laboratoriyasi kichik ilmiy xodimi, yurak aritmiyasining ogʻir turlarini jarrohlik yoʻli bilan davolash va elektrofiziologiya tekshiruvi boʻlimi mudiri lavozimlarida ishlagan.
2016-yilda Shveysariyada bemorlarni davolashning yuqori texnologik usuli — “teri orqali aortal klapan implantatsiyasi – TAVI” jarrohlik amaliyotini oʻzlashtirdi va mamlakatimizda uni birinchilardan boʻlib amalga oshirdi.
2018-yilda Nabijon Yuldoshev Xitoy Xalq Respublikasida yurak tugʻma nuqsonlarini kateter orqali yopish usulini oʻzlashtirib, hozirga qadar bolalar va kattalarda uchraydigan boʻlmachalararo toʻsiq defekti, qorinchalararo toʻsiq defekti, ochiq arterial yoʻl singari yurakning bir qator murakkab tugʻma nuqsonlarni kateter orqali okklyuderlar bilan yopish amaliyotlarida muvaffaqiyatli ishtirok etgan.
U dunyoning bir qator davlatlarida – Rossiya, Fransiya, Yaponiya, Xitoy, Polsha, AQSH, Koreya Respublikasidagi kongress va forumlarda oʻz maʼruzalari bilan qatnashgan.
Cohadagi samarali faoliyati eʼtirof etilib, “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sogʻliqni saqlash xodimi” faxriy unvoni bilan taqdirlangan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring