Referendum jarayonlari xalqaro standartlarga muvofiq takomillashtirilgan — xalqaro ekspert
Kecha Markaziy saylov komissiyasida Oʻzbekiston Respublikasining referendumiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish jarayonlarini kuzatib borish maqsadida mamlakatimizga tashrif buyurgan Malayziya Markaziy saylov komissiyasi aʼzosi Moxd Faysal Siyam Bin Abdul Xazis, Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotib oʻrinbosari Omer Kochaman, Belorus Markaziy saylov komissiyasi raisi Igor Karpenko, Qozogʻiston Markaziy saylov komissiyasi Raisi Nurlan Abdirov, Tojikiston Markaziy saylov komissiyasi Raisi Xudoyorzoda Baxtiyor Tavar boshchiligida delegatsiyalar bilan uchrashuvlar boʻlib oʻtdi.
Uchrashuvda referendum jarayonlari xalqaro standartlarga muvofiq takomillashtirilganligi, MSK tomonidan tasdiqlangan Kalendar reja va milliy qonunchilik asosida referendumga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tizimli ravishda amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berildi.
Referendum arafasida xalqaro kuzatuvchilar referendum oʻtkazish boʻyicha komissiyalarda boʻlib, ularning tegishli darajada tayyorligini qayd etishdi. Shuningdek, referendumni axborot taʼminlanishini yaxshi tashkil etilganini, referendum jarayonida yangi saylov texnologiyalar sinovdan oʻtkazish holatlarni ham alohida taʼkidlashdi.
Malayziya Markaziy saylov komissiyasi aʼzosi Moxd Faysal Siyam Bin Abdul Xazis quyidagicha fikr bildirdi: “MSK tomonidan referendum jarayonlarini kuzatish uchun taklif etilganimizdan mamnunmiz va oʻz minnatdorchiligimizni bildiramiz. Guvohi boʻlganimizdek, jarayonlar OAV orqali qizgʻin yoritib borilmoqda. Malayziya markaziy saylov komissiyasi faoliyatida referendumlarni tashkil etish tajribasi mavjud emas, biroq biz Oʻzbekiston tajribasini oʻrganmoqchimiz va bu borada kelgusida hamkorlik qilamiz degan umiddamiz”.
Oʻz navbatida, Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotib oʻrinbosari Omer Kochaman “Turkiy davlatlar tashkiloti missiyasi tarkibi Turkiya, Ozarbayjon, Qozogʻiston va Qirgʻiziston mamlakatlari vakillaridan iborat. Biz oʻzbek qardoshlarimizni juda hurmat qilamiz va mazkur referendum jarayonlari xalqaro standartlar asosida ochiq va oshkora oʻtishiga tilakdoshmiz. Markaziy saylov komissiyasi bilan koʻp yillik hamkorligimizdan kelib chiqib aytishim mumkinki bu yil boʻlib oʻtadigan referendum puxta tayyorgarlik va yuqori saviyada oʻtajak”, deb taʼkidladi.
— Markaziy saylov komissiyasi yaqin kunlarda boʻlib oʻtadigan referendumga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish yuzasidan tashkiliy va huquqiy ishlarni yuqori saviyada yoʻlga qoʻyganligiga guvoh boʻldik. Komissiya faoliyatida muvafaqqiyat tilab qolamiz, — dedi Belarus Markaziy saylov komissiyasi raisi Igor Karpenko.
Taʼkidlash joiz, kuzatuvchilar missiyalari 30-aprel kuni boʻlib oʻtadigan referendumga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish jarayonini kuzatib boradi. Missiyalar Oʻzbekistonga tashrifi mobaynida respublikamizning bir qator referendum uchastkalarida boʻlib, kuzatuvlar borasida tegishli xulosalari va tavsiyalarini berishni rejalashtirgan.
“Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring