Rasmiy munosabat: Yunusoboddagi toshqinga elektr uzilishi sabab boʻlmagan

13:27 03 Iyul 2024 Jamiyat
365 0

Avvalroq, Toshkent shahri Yunusobod tumanida joylashgan katta suv oʻtkazgich tarmogʻida nosozlik vujudga kelgani ortidan koʻchalarni suv bosgani haqda xabar berilgan edi.

Toshkent shahar «Suv taʼminot» AJ matbuot kotibi Ravshan Yoqubjonov avariyaga hududdagi qozonxonada elektr energiyasi uzilgani sabab boʻlganini aytgan edi. Bunga Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi raddiya berib chiqdi.

«Bugun, 2024-yil 3-iyul sanasida Yunusobod tumanining 6- va 7-mavzelarida suv toshishiga oid xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Ushbu hodisa yuzasidan Toshkent shahar «Suv taʼminoti» AJ matbuot xizmati tomonidan voqeaga hudud yaqinida joylashgan «Toshkent issiqlik markazi» MCHJga qarashli 4-sonli qozonxonada elektr taʼminoti uzilishi sabab boʻlganligi keltirilgan.

«Issiqlik elektr stansiyalari» AJ tarkibidagi «Toshkent issiqlik markazi» MCHJ Toshkent shahar «Suv taʼminoti» AJning mazkur bayonoti haqiqatga mos emasligini bildiradi va 4-sonli qozonxonada 2-3-iyul kunlari elektr taʼminoti bilan bogʻliq hech qanday uzilish yuz bermaganini maʼlum qiladi. Suv toshqiniga qozonxona faoliyatining hech qanday aloqasi yoʻq.

4-sonli qozonxona 2024-yilning 2-iyulidan 3-iyuliga oʻtar kechasi barqaror va shtat rejimida faoliyat yuritgan.

Ayni paytda qozonxonaga suv taʼminotining yetarli darajada yetkazib berilmayotganligi sababli mavjud imkoniyatlardan kelib chiqib ishlab chiqarish hajmi pasaytirilgan», deyiladi xabarda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер