“Prokuratura tuxmatlaridan charchadim. Mening biznesim aslida deputat Rasul Kusherbayevga tegishli emish”, deb iddao qilayotgan qidiruvdagi tadbirkor yuzasidan munosabat bildirildi

12:28 08 Sentyabr 2020 Jamiyat
1546 0

2020-yil 5-sentyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Prokuratura tuxmatlaridan charchadim. Mening biznesim aslida deputat Rasul Kusherbayevga tegishli emish” sarlavhasida qidiruvdagi Yangiyoʻllik tadbirkor B.Q.ning murojaati takroran tarqaldi. Ushbu xabarga Bosh prokuratura munosabat bildirdi.

Qayd etish kerakki, bundan avvalroq Bosh prokuratura tomonidan ayni shu turdagi, biroq bir muddat oldin qilingan arznoma yuzasidan batafsil oʻrganish ishlari oʻtkazilgan va bu toʻgʻrisida rasmiy bayonot berilgan.

Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi huzuridagi Kon-geologiya faoliyatini nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan Yangiyoʻl tumanidagi “Qoʻsh-yogʻoch oltin fayz baliqlari” MCHJga ajratilgan baliqchilik havzasidan qum-shagʻal aralashmasini noqonuniy olib chiqib ketish holati yuzasidan oʻtkazilgan tekshirish hujjatlari asosida 24.01.2020-yilda JKning 167-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, Yangiyoʻl tumani prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov oʻtkazilgan.

Tergov davomida ushbu jamiyat rahbari J.Z. akasi B.Q. bilan jinoiy til biriktirib, baliqchilik faoliyatini tashkil etish uchun ajratilgan 11,8 gektar yer maydonidan 600 mln. soʻmlik 57,2 ming kub.metr qum-shagʻal aralashmasini qazib olib, tegishli litsenziyaga ega boʻlmasa-da, qonunga zid ravishda sotib yuborib, talon-toroj qilganligi, bu orqali davlatga juda koʻp miqdorda zarar yetkazganligi aniqlangan.

Shu sababli J.Z.ga JKning 167-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan ayblov eʼlon qilinib, ishning unga nisbatan qismi 04.05.2020-yilda jinoyat ishlari boʻyicha Yangiyoʻl tuman sudiga yuborilgan.

Ayblanuvchi B.Q.ga esa, tergovdan yashiringanligi sababli qidiruv eʼlon qilingan.

Eslatib oʻtamiz, jinoyat ishi Bosh prokuraturada oʻrganilganda ish boʻyicha deputat R.Kusherbayevga oid biron-bir masala muhokama qilinmaganligi, unga aloqador maʼlumot toʻplanmaganligi yoki u bilan bogʻliq tergov harakatlari oʻtkazilmaganligi bayon qilingan.

Bosh prokuratura xodimlari tomonidan J.Z. bilan xolis oʻtkazilgan suhbat davomida u tergovda undan R.Kusherbayev haqida hech qanday maʼlumot soʻrab-surishtirilmaganligini, u haqida savol berilmaganligini, unga qarshi koʻrsatma berish talabi bilan tazyiq oʻtkazilmaganligini bildirgan.

R.Kusherbayev bilan Bosh prokuraturada oʻtkazilgan suhbatda bayon etilgan har bir maʼlumot markaziy mahkamaning oʻzida ishga aloqador shaxslarni jalb qilgan holda, tegishli hujjatlarni koʻzdan kechirish yoʻli bilan toʻliq tekshirilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер