Raqamli transformatsiya oʻquv-ilmiy laboratoriyasi ish boshladi

10:22 11 Mart 2022 Jamiyat
1475 0

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida zamonaviy Raqamli transformatsiya oʻquv-ilmiy laboratoriyasining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Tadbirda soʻzga chiqqanlar iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada, davlat boshqaruvi tizimida sunʼiy intellekt texnologiyalarini ishlab chiqish va ulardan foydalanishning bugungi kundagi ahamiyati haqida toʻxtalib oʻtishdi.

Shundan soʻng, raqamli dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha tadqiqot olib borayotgan kafedra ilmiy izlanuvchilari tomonidan amalga oshirilgan tadqiqot va innovatsion loyihalar taqdimoti boʻlib oʻtdi.

Shu oʻrinda alohida aytib oʻtish kerakki, tadbir davomida “Microsoft” kompaniyasining Oʻzbekistondagi vakolatli organi bilan aloqalarni mustahkamlash va bu orqali “Raqamli transformatsiya” oʻquv-ilmiy laboratoriyasi uchun litsenziya olish borasida muzokaralar ham olib borildi. Buning natijasida sertifikatga ega boʻlgan tinglovchilar xalqaro mehnat bozorida faoliyat olib borish imkoniyatini qoʻlga kiritadilar.

Laboratoriyada professor-oʻqituvchilar, ilmiy izlanuvchilar va talabalar bevosita “Microsoft” (Daniya) kompaniyasi dasturlaridan foydalanish imkoniga ega boʻladilar. Shu bilan birga, sunʼiy intellekt sohasida nazariy va amaliy bilimlarini takomillashtirish, ilmiy tadqiqotlar sifati va mazmunini oshirishga erishadilar.

Tadbirning ikkinchi qismida “Microsoft” kompaniyasining “Sunʼiy intellekt arxitekturasi” departamenti boshligʻi Umid Ahmedov tomonidan mahorat darsi tashkil etildi.

“Microsoft” kompaniyasi bilan “Sunʼiy intellekt” va “Big Data” boʻyicha Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti talabalari uchun doimiy onlayn kurslarni tashkil etish boʻyicha kelishuvni yoʻlga qoʻyishga kelishib olindi. Shuningdek, sunʼiy intellekt va uni qoʻllash texnologiyalari asosida oʻqitish boʻyicha kiritilayotgan oʻquv fanlari oʻrganilib, xorijiy ekspert sifatida “Microsoft” kompaniyasining “Sunʼiy intellekt arxitekturasi” departamenti boshligʻi Umid Ahmedov jalb etildi.

Mazkur oʻquv-ilmiy laboratoriya faoliyatining yoʻlga qoʻyilishi bakalavriat va magistraturaning oʻquv rejasiga muvofiq kiritilgan “Sunʼiy intellekt 1, Sunʼiy intellekt 2” hamda «Sunʼiy intellekt va neyrotexnologiyalar» fanlari boʻyicha dars mashgʻulotlarini chuqurlashtirib oʻrgatish imkonini beradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер