«Raqamli Oʻzbekiston: qishloq xoʻjaligi hakaton-2022» yosh dasturchilar tanlovi boʻlib oʻtdi

18:41 16 Noyabr 2022 Jamiyat
1072 0

Andijonda yosh dasturchilar oʻrtasida «Raqamli Oʻzbekiston: qishloq xoʻjaligi hakaton-2022» tanlovi tashkil etdi.

Tanlov Andijon viloyati hokimligi, Andijon shahridagi Digital City texnologiyalar parki, Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligining “Agrosanoatni raqamlashtirish markazi” davlat muassasasi, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Aholishunoslik jamgʻarmasi (UNFPA) bilan hamkorlikda oʻtkazildi.

BMTning Tinchlik oʻrnatish fondi tomonidan moliyalashtirilgan FAO/UNFPA “Oʻzaro hamkorlik orqali Qirgʻiziston va Oʻzbekistonning chegaraoldi hududlarini rivojlantirish” qoʻshma loyihasi doirasida tashkil etilgan mazkur tanlov chegaradosh hududlardagi yoshlar va ayollar oʻrtasida ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik muammolar orqali hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan.

Hakatonni oʻtkazishdan asosiy maqsad — viloyatda yosh avlodning AKT va startap loyihalariga qiziqishini yanada oshirish, izlanuvchan va iqtidorli yoshlarni aniqlash, ularni ragʻbatlantirish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish va qayta ishlash samaradorligini oshirish boʻyicha eng yaxshi AKT yechimlarini tanlash va joriy etishda koʻmaklashishdir.

Tadbirda yaxshiroq va barqaror oziq-ovqat tizimlarini yaratish, qishloq taraqqiyotini rivojlantirish, hamkorlik platformalarini rivojlantirishga qaratilgan gʻoyalarni taqdim etgan yoshlar jamoalari ishtirok etdi. Hakaton, shuningdek, qishloq yoshlari va qizlari ovozini ifodalash uchun platforma boʻlib xizmat qildi, ular tengdoshlari bilan muloqot qilish hamda fikr almashish imkoniyatiga ega boʻldi.

— 2022-yil 17 —21 oktabr kunlari FAOning Rim shahridagi bosh qarorgohida Oʻzbekiston yoshlar milliy delegatsiyasi ishtirokida oʻtkazilgan Butunjahon oziq-ovqat forumida taʼkidlanganidek, bugungi kun yetakchilari yosh avlod fikrini tinglashi zarur, — dedi FAOning Oʻzbekiston Respublikasidagi vakili oʻrinbosari Sherzod Umarov. — Yoshlar energiyasi bizning oziq-ovqat tizimlarimizni oʻzgartirish uchun juda muhim va bugungi yoshlar qaror qabul qilish markazida boʻlishi kerak. Sizning orzularingiz aniq va amaliy harakatlarga aylanishi uchun Agro-hakaton ishtirokchilarini dadil va qatʼiy harakat qilishga chaqiramiz. Umid qilamanki, yoshlarning eng yorqin gʻoyalari eshitilib, yanada rivojlanib, yoshlarimiz Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligini rivojlantirish va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga hissa qoʻshish imkonini beradi.

UNFPAning Oʻzbekistondagi vakili Yu Yu taʼkidlashicha, qoʻshma loyiha doirasida tashkil etilayotgan hakaton rivojlanishning baʼzi muhim muammolariga yechim topish uchun juda innovatsion yondashuv hisoblanadi. Yosh dasturchilar uchun ushbu hakaton innovatsion yechimlarni topishda yaxshi boshlanish boʻladi va butun Oʻzbekistondagi boshqa iqtidorli yosh IT mutaxassislarini ilhomlantiradi. Shuningdek, u tanlovning final bosqichiga qabul qilingan loyihalar juda kuchli va sifatli boʻlganini alohida eʼtirof etdi.

Musobaqa ikki bosqichda tashkil etildi. Birinchi bosqich 2022-yil 5 — 25-oktyabr kunlari ishtirok etish uchun arizalarni qabul qilish va komissiya tomonidan istiqbolli deb topilgan loyihalarni onlayn suhbat asosida saralashdan iborat boʻldi. Ikkinchi bosqich 12 — 14-noyabr kunlari “Digital City” texnoparki binosida oflayn rejimda oʻtkazildi va dasturchilar tanlovda jamoaviy yoki yakka tartibda ishtirok etishdi.

Yakunda Qishloq xoʻjaligi sohasini raqamlashtirish, Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash va sotish muammolariga AKT yechimlar topish, Qishloq xoʻjaligida aholi, xususan ayollar va yoshlarning bandligini oshirish boʻyicha innovatsion loyihalar kabi nominatsiyalarda gʻoliblar aniqlandi.

Baholash bosqichidan soʻng hakaton gʻoliblari aniqlandi va ular  noutbuklar bilan taqdirlandi. Shuningdek, 3 ta loyiha tanlab olindi va tez orada ularni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan asbob-uskunalar yoki dasturiy taʼminot bilan taʼminlanadi. Har bir loyihaga 100 million soʻm ajratildi. Mukofot fondi FAO va UNFPA tashkilotlari tomonidan tuzilgan. 

Hakatonning boshqa ishtirokchilari faolligi uchun sertifikat va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер