Ramzan Qodirov nega “qora roʻyxat”ga kiritildi?
AQSH Davlat kotibi Mayk Pompeo Vashington Checheniston rahbari Ramzan Qodirovni “qora roʻyxat”ga tirkab qoʻyganini eʼlon qildi, deb xabar bermoqda “RIA Novosti”.
Amerikalik diplomat qayd etishicha, ushbu qaror Rossiyaning mazkur mintaqasi boshligʻi, goʻyoki, “inson huquqlari buzilishi”ga aloqador emish.
“Bu voqea Qodirovning Checheniston Respublikasida inson huquqlari qoʻpol ravishda buzilishiga daxldorligi bilan bogʻliq. Davlat departamenti Qodirov oʻn yildan ziyod vaqt mobaynida juda koʻp bor inson huquqlari qoʻpol ravishda buzilishi, jumladan qiynoqlar va sud qarorisiz qatllar ijro etilishiga aloqadorligi toʻgʻrisida keng koʻlamli axborotlarga ega”, – deyiladi Pompeo bayonotida.
Mulozimning taʼkidlashicha, ushbu roʻyxat Qodirovning rafiqasi Medni Qodirova, qizlari Ayshat va Karina (uni Xadijat, deb ham atashadi)ga ham taalluqli.
“Qora roʻyxat”ga qoʻshilish AQSH hududiga kirish taqiqlanishini anglatadi. Avvalroq Qodirov Amerika Moliya vazirligining sanksiyalar bilan bogʻliq roʻyxatiga ham kiritilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring