Ramazon oyi uchun besh maslahat
Ramazon – musulmonlar uchun chinakam shodiyona. Bu oyda savob amallarni koʻpaytirib ulugʻ ajrlarga ega boʻlaylik. Siz azizlarga ramazon oyi uchun beshta maslahatni tavsiya qilamiz.
Birinchi
Juda koʻp taom yemang, suvni ham kamroq iching. Saharlik qilayotganda kishi kun boʻyi och yurishini oʻylab koʻp yeb qoʻyadi. Natijada oshqozon faoliyati qiyinlashib, kishi dangasa va behafsala boʻlib qoladi. Yodda tuting, ramazon ochlik oyi emas, balki iymon-eʼtiqod sinaladigan oydir. Keling, ramazon oyini paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam tavsiya qilganlaridek nafsimizni jilovlab, oshqozonimizning uchdan birini ovqatga, uchdan birini suvga qolgan uchdan birini havoga toʻldiraylik.
Ikkinchi
Saxiylikni koʻpaytiring. Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vacallam doimo saxiy boʻlganlar. Ayniqsa, ramazon oyida saxovatlari yana-da oshib ketgan. Bu muqaddas oyda kim saxovatpeshalik qilsa unga ulugʻ savoblar yoziladi. Iloji boricha ramazonning har kunida saxiylik qiling. Birgina Qadr kechasida qilingan xayr-saxovatga Alloh juda koʻp savoblarni vaʼda qilgan. Saxovatli boʻlaylik, inshoalloh ulugʻ ajrlar egasiga aylanaylik.
Uchinchi
Besh mahal namozga qoim boʻling. Ramazon oyida kechalari taroveh namoziga odamlar yogʻilib keladi. Ammo kunduzlari namoz oʻquvchilar bir oz siyraklashgandek boʻlib qoladi. Albatta taroveh namozining ajri ulugʻ, Biroq yodda tuting, Alloh taolo bizga kunda besh mahal namoz oʻqishni farz qilgan. Farz amalni mukammal ado etishda sustkashlik qilmang.
Toʻrtinchi
Ramazon – Qurʼon oyi! Bu muqaddas oyda koʻpchilik Qurʼonni bir necha bor xatm qilish payida boʻladi. Baʼzilarimiz Qurʼonni uch marotaba, baʼzilarimiz besh marotaba xatm qilamiz. Bu ajoyib musobaqaga oʻxshaydi. Ayniqsa, oyatlar maʼnosi tushunib oʻqilganda savobi yana-da ulugʻ boʻladi. Shu muqaddas oyda Qurʼon oʻqib qalbimizni nurga toʻldiraylik.
Beshinchi
Taqvodor boʻlaylik. Alloh taolo bandalariga taqvo qilishni buyurib, Baqara surasining 183-oyatida quyidagicha marhamat qiladi: “Ey, imon keltirganlar! Sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi* sizlarga ham roʻza tutish farz qilindi, shoyad (u sababli) taqvoli boʻlsangiz”.
Oyatda aytilganidek roʻzadorlik ortidan taqvodor boʻlishga chaqirilmoqda. Taqvodor odam oʻz nafsini jilovlaydi. Shubhali narsalardan uzoq boʻladi. Taqvo soʻzi koʻp tillarda mavjud emas. Uning asl maʼnosi “Allohdan qoʻrqish, U belgilagan hadlardan oshmaslik va oxiratni oʻylab yashashdir”. Taqvo faqat Allohdan qoʻrqqanimiz barobarida unga boʻlgan cheksiz muhabbatimiz sabab boʻlsa yana-da yaxshi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring